O‘zbekistonda «ekofaol fuqaro» maqomini berish tartibi tasdiqlandi
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 21 apreldagi qarori bilan aholining ekologik turmush tarzini shakllantirish hamda tadbirkorlik sub’ektlarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirishni rag‘batlantirishga qaratilgan yangi tizim joriy etildi.
Qarorga muvofiq, «Bir million yashil oila» umummilliy harakati doirasida endilikda jismoniy shaxslarga «ekofaol fuqaro», tadbirkorlik sub’ektlariga esa «yashil tadbirkor» maqomlari beriladi.
«Ekofaol fuqaro» maqomi qanday beriladi?
Mazkur maqom har chorakda tanlov asosida beriladi. Tanlov Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan maxsus ekofaolfuqaro.uz platformasida o‘tkaziladi. Unda ishtirok etish uchun fuqarolar platformada ro‘yxatdan o‘tib, o‘zining ekologik faoliyatiga oid ma’lumotlarni kiritadi.
Kiritilgan ma’lumotlar belgilangan mezonlar asosida baholanadi va ishtirokchilarning umumiy balli avtomatik tarzda shakllantiriladi. Bu jarayon inson omilisiz, davlat idoralari axborot tizimlari bilan integrasiya orqali tekshiriladi. Masalan, transportdan foydalanish, kommunal to‘lovlar, energiya sarfi kabi ma’lumotlar tegishli tashkilotlar bazalari orqali tasdiqlanadi.
Har chorak yakunlariga ko‘ra, har bir hududdan eng yuqori ball to‘plagan 50 nafar ishtirokchiga «ekofaol fuqaro» maqomi beriladi. Shu bilan birga, maqomni olish uchun ishtirokchi uch oy davomida har oy kamida 80 ball, jami 240 va undan yuqori ball to‘plashi shart.
Ball qanday to‘planadi?
Qarorda belgilangan mezonlarga ko‘ra, fuqarolar quyidagi harakatlar orqali ball to‘playdi:
- Kundalik kamida 10 ming qadam yurish — bir oyda 200 ming qadamgacha 20 ball beriladi;
- Jamoat transportidan faol foydalanish — 10 ball;
- Velosiped, elektromobil kabi «yashil transport»dan foydalanish — 10 ball;
- Daraxt ekish va parvarish qilish — har bir ko‘chat uchun ball berilib, jami 20 ballgacha;
- Chiqindilar uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash — 10 ball;
- Suv, gaz va elektr energiyasini tejash — 10 ball;
- Quyosh panellaridan foydalanish — 10 ball;
- Chiqindilarni saralash — 3 ball;
- Plastikdan foydalanishni kamaytirish — 4 ball;
- Oziq-ovqat isrofini kamaytirish — 3 ball.
Shu bilan birga, ekologik qonunbuzarlik sodir etilgan bo‘lsa, ishtirokchidan 30 ball ayiriladi.
Ma’lumotlar fuqaroning o‘zi tomonidan kiritiladi, ammo ular tegishli idoralar axborot tizimlari yoki fotosuratlar orqali tasdiqlanadi.
G‘oliblar qanday aniqlanadi?
Barcha ishtirokchilarning ballari platforma orqali avtomatik hisoblanadi va natijalar e’lon qilinadi. Eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchilar g‘olib deb topiladi.
Shuningdek, qarorga ko‘ra, ayrim hollarda Ekologiya qo‘mitasi raisi qarori bilan yuqori natija ko‘rsatgan shaxslarga tanlovsiz ham ushbu maqom berilishi mumkin.
Qanday imtiyozlar beriladi?
Tanlov g‘oliblari har chorak yakunidan keyingi oyning 20-sanasiga qadar tantanali tarzda Ekologiya qo‘mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan taqdirlanadi. «Ekofaol fuqaro» maqomini olgan shaxslar guvohnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi hamda ular ekologik tadbirlarda faxriy mehmon sifatida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
«Ekofaol fuqaro» maqomini olgan shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanishda 10 foiz chegirma taqdim etiladi. Shuningdek, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan banklarda iste’mol kreditlari bo‘yicha imtiyozlar beriladi.
Agar keyingi davrda ishtirokchi belgilangan ballni to‘plamasa, uning maqomi bekor qilinishi mumkin.
