O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati ishtirokchilari aniqlanmoqda

O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati ishtirokchilari aniqlanmoqda

2024 yilgi futzal bo‘yicha Jahon chempionati O‘zbekiston arenalarida bo‘lib o‘tadi. Shu kunlarda mundial mezbonlik qiladigan shaharlar nomlari e’lon qilinadi.

Dunyoning eng kuchli 24 terma jamoasi Jahon chempionligi uchun kurash olib boradigan mazkur musobaqa tarixda 10-bor tashkil etilmoqda. Unda g‘olib Portugaliyadan torib, besh karra chempion Braziliya, shuningdek, Fransiya va Yangi Zelandiya kabi debyutantlar joriy yilning 14 sentyabr — 6 oktyabr kunlari yurtimizda jam bo‘lishadi.

Hozirga qadar musobaqaning 17 ta ishtirokchisi aniq bo‘lib ulgurdi. Ayni paytda Tailand mezbonlik qilayotgan futzal bo‘yicha Osiyo chempionatida mundialning O‘zbekistonga qo‘shiladigan yana 4 ta ishtirokchisi nomi ma’lum bo‘ladi.

Ayni vaqtda Nikaraguada KONKAKAF futzal chempionati o‘tkazilmoqda va bugun unda yarim finalchilar aniqlandi. Xususan, Kosta-Rika, Panama, Gvatemala va Kuba yarim finalga chiqish orqali JCH-2024 yo‘llanmasini naqd qilishdi.

Shu kunlarda Marokashda o‘tayotgan futzal bo‘yicha Afrika Millatlar kubogida ham mundialning 3 ta qatnashchisi nomi ma’lum bo‘ladi.

Shuningdek, kuni kecha UYEFA vakillari orasida ham oxirgi qatnashchilar ma’lum bo‘ldi. Bular – Xorvatiya va Niderlandiya. Hozircha yana 7 ta yo‘llanma egasi nomi ochiq turibdi.

Futzal bo‘yicha FIFA Jahon chempionati-2024 ishtirokchilari:

Mezbon: O‘zbekiston
KONKAKAF: Kosta-Rika, Panama, Gvatemala, Kuba
KONMEBOL: Braziliya, Argentina, Paragvay va Venesuyela
OFK: Yangi Zelandiya
UYEFA: Qozog‘iston, Fransiya, Portugaliya, Ispaniya, Ukraina, Xorvatiya va Niderlandiya


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!