Istanbul Global Dizayn forumi xalqaro ijodkorlarni bir maydonga jamlaydi
Istanbul bugungi kunda yuksak darajadagi madaniyat va san’at markazi sifatida e’tirof etilmoqda. Shahar 41 ta kongress markazi, 225 ta san’at galereyasi hamda 27 ta oliy ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan rang-barang dizayn dasturlarini o‘z ichiga olgan keng infratuzilmaga ega bo‘lib, har yili o‘rtacha 20 dan ortiq xalqaro san’at va dizayn tadbirlari o‘tkaziladi.
Ana shunday mustahkam poydevor asosida rivojlanayotgan Istanbul joriy yilning 13–16 may kunlari ilk bor Global Dizayn forumiga mezbonlik qilmoqda. Forum Turkiya turizmni targ‘ib qilish va rivojlantirish agentligi hamda boshqa xalqaro hamkorlar ko‘magida o‘tkazilib, Istanbulning dizayn markazi sifatidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Global Dizayn forumi 15 yildan beri Victoria & Albert muzeyi tomonidan London Dizayn festivali doirasida o‘tkazilib kelinmoqda va bugungi kunda dizayn sohasida xalqaro miqyosdagi yetakchi fikr almashuv platformalaridan biriga aylangan.
Istanbul Global Dizayn forumi oddiy tadbirlar dasturi emas, balki shahar ichida kechadigan o‘ziga xos performansdir va u to‘rtta turli tajriba qatlamlari orqali ochib beriladi. Dasturning birinchi bosqichi “Placemaking” bo‘lib, unda Topkapi majmuasi va Tarixiy yarimorolda vaqtinchalik dizayn installyasiyalari o‘rnatilib, shahar go‘yo ochiq dizayn laboratoriyasiga aylantiriladi. “Rethinking” yo‘nalishi esa Istanbul bog‘ madaniyatini yangicha talqin etishga qaratilgan xalqaro tanlovni o‘z ichiga oladi.
Ikki kun davom etadigan sessiyalar, taqdimotlar va muhokamalar esa xalqaro hamda mahalliy dizaynerlar, mutafakkirlar va rassomlarni bir maydonga jamlaydi.
Istanbul: san’at, madaniyat va dizaynning betakror markazi
Istanbul asrlar davomida turli sivilizasiya va madaniyatlar tutashgan maskan sifatida shakllanib, o‘zining betakror ruhi bilan san’atkorlar va dizaynerlar uchun ilhom manbai bo‘lib kelmoqda. Bu shahar tarixiy meros, an’anaviy hunarmandchilik va zamonaviy dizayn uyg‘unlashgan noyob makon sifatida alohida ajralib turadi.
Bugungi kunda Istanbul yangi avlod ijodkorlari hamda nufuzli madaniy muassasalarni jamlangan yirik markazdir. Uning serqirra va jonli ijodiy muhiti esa Istanbul Biennali, Contemporary Istanbul, Istanbul musiqa festivali, CI Bloom va Istanbul kinofestivali kabi yirik xalqaro tadbirlar hamda mustaqil san’at tashabbuslari orqali yanada boyimoqda.
Shahar ijodiy muhitini to‘liq his etish uchun uni shoshilmasdan, asta-sekin kashf etish lozim. Zero, Istanbul o‘zining me’moriy durdonalari, shahar ritmini belgilovchi tarixiy manzaralari hamda an’ana va zamonaviylik uyg‘unlashgan mahallalari bilan boy va rang-barang tajriba taqdim etadi.
