O‘zbekistonda aholisi yod tanqisligi bilan bog‘liq kasalliklarga chalinish xavfi bo‘lmagan hudud yo‘q
Yod inson hayotidagi eng zarur mikroelementlardan biridir. Yod tanqisligi natijasida kelib chiqadigan qalqonsimon bez kasalliklari dunyodagi eng ko‘p tarqalgan noinfeksion kasalliklardan sanaladi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining uchdan bir qismidan ko‘prog‘ida yod tanqisligi kasalligi rivojlanish xavfi yuqori.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda yod tanqisligi bilan bog‘liq kasalliklarga chalinish xavfi bo‘lmagan hudud yo‘q. Negaki, respublikaning shu kungacha o‘rganilgan barcha hududlarida aholi rasionida yod tanqisligi mavjudligi kuzatilgan.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova AOKAda o‘tkazilgan brifingda ta’kidlaganidek, yod tanqisligi kasalligining oldini olishning asosiy yo‘li osh tuzini yodlash hisoblanadi.
– Respublika bo‘yicha hududlarda 56 ta yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish korxonalari va 46 ta ularni qadoqlash sexlari faoliyat yuritib kelmoqda, – dedi M.Saidova. – Joriy yilning 6 oyi davomida 12 ta yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish korxonalarida o‘tkazilgan tekshirishlar davomida 1563 kg. 720 gr. kaliy yodid zaxirasi mavjudligi aniqlandi. Ushbu tekshirishlar davomida laboratoriya tahlillari uchun olingan 39 ta namunalardan 4 ta namuna belgilangan me’yorlarga javob bermagani sababli, qayta yodlashga yuborildi.
2024 yilning o‘tgan davri davomida 350 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, davolash profilaktika muassasalari va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlaridan olingan 3005 ta yodlangan osh tuzi namunalardan 1123 (37 foiz) tasi belgilangan me’yorlarga javob bermadi. 54367 kg. osh tuzi mahsuloti qayta yodlash uchun ishlab chiqarish korxonalariga qaytarildi.
Olib borilgan tadbirlar natijasida biroz ijobiy tendensiya kuzatilishi boshlandi. Xususan, o‘tgan davr mobaynida tarkibida yod miqdori kam bo‘lgan yoki umuman bo‘lmagan osh tuzi namunalari miqdori 20 foizgacha kamaygan.
Fursatdan foydalanib, yodlangan osh tuzini xarid qilishda nimalarga e’tibor berish kerakligini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Yodlangan osh tuzining kim tomonidan, qachon ishlab chiqarilgani va iste’molga yaroqli muddatiga e’tiborli bo‘lish lozim. Har bir oilaning ehtiyojidan kelib chiqqan holda kerakligicha xarid amalga oshirilishi maqsadga muvofiq. Iste’mol uchun xarid qilingan osh tuzi uy sharoitida yorug‘lik tushmaydigan idishlarda saqlanishiga e’tibor qaratishingizni tavsiya qilamiz, – dedi Maftuna Saidova.
