O‘zbekistonda afsonaviy Registonni yaratgan inson Bahodir Yalangto‘sh haqida film suratga olinadi

O‘zbekistonda afsonaviy Registonni yaratgan inson Bahodir Yalangto‘sh haqida film suratga olinadi

Samarqandning Registon maydonida “Sherdor” va “Tillakori” madrasalarini qurib, shuhrat qozongan inson haqidagi film taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Film rejissyori “Ilhaq” filmi orqali tanilgan Jahongir Ahmedovdir.

Tadbir O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan, mamlakatimiz hududlarida “Yangi O‘zbekiston-Inson qadri ulug‘langan yurt!” shiori ostida o‘tkazilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar doirasida bo‘lib o‘tdi. Tashkilotchilar – O‘zbekiston Kinematografiya agentligi va Samarqand viloyati hokimligi.

-Bahodir Yalanto‘sh – milliy qahramonimiz. Endi, uning sharofati bilan, butun dunyo Registon maydonining go‘zalligi va ulug‘vorligidan bahramand bo‘ladi. XV asrda Mirzo Ulug‘bek tomonidan qurdirilgan madrasa yonida, oradan ikki asr o‘tib, uning buyrug‘iga asosan ikkita – Sherdor va Tillakori madrasalari qad rostlagan. Afsuski, Bahodir Yalanto‘sh haqida kam ma’lumotga egamiz va O‘zbekiston Prezidentining shaxsiy topshirig‘iga binoan yaratilayotgan film, me’moriy merosimiz qanday yaratilganini odamlarga, ayniqsa, yoshlarga so‘zlab berishga qaratilgan. Men Samarqand viloyati hokimligiga va shaxsan hokim Erkinjon Oqbo‘tayevichga filmni tayyorlashda ko‘rsatgan ko‘magi, tadbirlarimizni o‘tkazishda har tomonlama yordam bergani uchun o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman, — dedi film rejissyori Jahongir Ahmedov.

Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov ta’kidlaganidek, Samarqand xorijlik kinoijodkorlarni jalb qilish markaziga aylanib ketayapti, shaharning kino olish makoni sifatidagi nufuzi jadallik bilan oshib bormoqda. Mana, aynan Samarqand qo‘shma filmlarni suratga olish joyiga aylandi. Tez orada bu yerda, o‘zbek-tojik kinoijodkorlarining hamkorlikdagi “Navoiy va Jomiy” filmini suratga olishlari ustida ishlar boshlanadi. Yaqin kunlarda, Samarqandda, ekshn janrida “Bu dunyoda menga joy yo‘q”deb nomlangan turk serialini suratga olish ishlari boshlanadi.

Aytish joizki, Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida, so‘nggi bir necha yil ichida Samarqand shahrida va Samarqand haqida bir qancha filmlar suratga olingan edi. Bular: “Matonat”, “Samarqand qovunining hidi” hujjatli filmlaridir. “Matonat” hujjatli filmi, rejissyor Shuhrat Mahmudov tomonidan suratga olingan, 101 samarqandlik askarning jasorati va insoniyligi haqida hikoya qiluvchi filmdir. Film yaqinda Sevastopolda bo‘lib o‘tgan 31-«Zolotoy vityaz» xalqaro kinoforumida «Gran-pri»ni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, “Samarqand qovunining hidi” filmi ham, rejissyor Ali Hamroyev tomonidan suratga olingan.

Tadbir so‘ngida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovga O‘zbekiston Kinematografiya agentligining “O‘zbekistonning kino san’ati” kitobining sovg‘a nashri topshirildi.

Kinematografiya agentligi axborot xizmati.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!