O‘zbekistonda 5 ta yangi tashkil etilgan OTM o‘z faoliyatini boshlaydi

O‘zbekistonda 5 ta yangi tashkil etilgan OTM o‘z faoliyatini boshlaydi

O‘zbekiston davlat oliy ta’lim muassasalarida 2024/2025 o‘quv yilida jami 1 million 167 ming nafardan ortiq talaba tahsil olishi kutilmoqda. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova ma’lum qildi.

Uning bildirishicha, oliy ta’lim sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini oshirish maqsadida amalga oshirilgan ishlar natijasida hozirgi kunda respublikada oliy ta’lim muassasalari soni 211 tani tashkil etadi. Ular — 112 ta davlat, 30 ta xorijiy va 69 ta nodavlat oliy ta’lim muassasalari hisoblanadi. Yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi 43 foizga yetkazildi.

2024/2025-o‘quv yilida respublikada 5 ta yangi tashkil etilgan quyidagi oliy ta’lim muassasalari o‘z faoliyatini boshlaydi:

  • Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti (davlat OTM);
  • Toshkent tibbiyot akademiyasi Chirchiq filiali (davlat OTM);
  • Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetining Chirchiq shahridagi filiali (xorijiy OTM filiali);
  • Toshkent shahrida Amerika texnologiyalar universiteti (nodavlat OTT);
  • Tashkent Metropolitan university (nodavlat OTT).

TOP-300 oliygohlar ta’lim dasturlari asosida oliy ta’lim yo‘nalishlari 40 foizgacha maqbullashtirildi va buning natijasida 306 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi 183 taga, 645 ta magistratura mutaxassisliklari 546 taga qisqartirldi.

Maqbullashtirilgan 183 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 546 ta magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha malaka talablari ishlab chiqilib tasdiqlandi hamda barcha oliygohlarga yetkazib berildi. Talabalarda amaliy kompetensiyalar va ko‘nikmalarni kuchaytirish maqsadida kamida 15 haftalik uzluksiz malakaviy amaliyotlar o‘tkazilishi belgilandi.

2023/2024-o‘quv yilida respublika oliy ta’lim muassasalarini jami 197 319 nafar, shundan bakalavriatni 192 376 nafar, magistraturani 4943 nafar talaba tamomlagan. 2024/2025 o‘quv yilida respublika davlat oliy ta’lim muassasalarida jami 1 mln 167 ming nafardan ortiq, jumladan, ikkinchi va undan yuqori kursda 652 ming nafar, birinchi kursda 215 ming nafardan ortiq talaba tahsil olishi kutilmoqda.

Yangi o‘quv yili uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlaridan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt miqdorlari 7 400,0 ming so‘mdan – 11 250,0 ming so‘mgacha bo‘lgan oraliqda belgilangan.

Natijada, amaldagi kontrakt to‘lovlari bitta talabani bir yillik o‘qitish xarajatlarining o‘rta hisobda 65,5 foizini qoplamoqda. Yetishmagan mablag‘lar oliy ta’lim muassasalarining tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushgan mablag‘lar hisobidan qoplanishi kutilmoqda. Texnika, madaniyat va san’at hamda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishidagi aksariyat oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish uchun yetishmayotgan mablag‘larning bir qismi Davlat byudjeti hisobidan qoplab berilmoqda.

Bugungi kunda 112 ta oliygohda jami 338 ta talabalar turar joylari mavjud bo‘lib, ularning sig‘imi 127 792 o‘rinni tashkil etmoqda. Bu yotoqxonaga ehtiyoji bor talabalarning 54 foizini qamrash imkonini beradi.

Respublika miqyosida 46 252 o‘rinli 86 ta talabalar turar joylarini barpo etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. 2024 yil yakuniga qadar davlat dasturida belgilangan talabalar turar joylari qurib foydalanishga topshiriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!