O‘zbekiston va yana 12 ta federasiya UYEFA rahbari Cheferinning tanqidiga javoban bayonot berdi
JCH-2026 ishtirokchisi hisoblangan 13 ta mamlakat futbol federasiyasi UYEFA prezidenti Aleksander Cheferinning turnir kengaytirilishi borasidagi tanqidiy fikrlariga javoban qo‘shma bayonot berdi.
Bundan avvalroq funksioner Jahon chempionati ishtirokchilari sonining ko‘paytirilishi qiziqarli bo‘lmagan o‘yinlarni yuzaga keltirishini ta’kidlagan edi.
Ushbu qo‘shma bayonotni Kabo-Verde, Kyurasao, O‘zbekiston, Kongo DR, Gaiti, Jazoir, Tunis, Marokash, Misr, Gana, Senegal, Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) va Kot-d'Ivuar futbol federasiyalari imzoladi.
«Har bir saralash bosqichi zamirida yillar davomida qilingan mehnat va kiritilgan investisiyalar yotibdi. Har bir milliy terma jamoa ortida futbolni faxr, umid va birdamlik manbai deb biladigan butun boshli jamiyatlar va millionlab insonlar turibdi. Futbol faqatgina tanlab olingan muayyan millatlar guruhiga tegishli emas. Uning kuchi — universalligida (hamma uchunligida)», — deyiladi bayonotda.
Xabarda alohida ta’kidlanishicha, ko‘plab mamlakatlar uchun Jahon chempionatidagi ishtirok nafaqat sportdagi yutuq, balki butun bir avlodni ruhlantiradigan tarixiy lahzadir.
«Har bir jamoa bu yerdan o‘z haq-huquqi bilan joy oldi. Har bir muxlis orzu qilish huquqiga ega. Har bir uchrashuv butun dunyodagi millionlab odamlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, biz UYEFA prezidentining fikrlarini inkor etamiz va futbolning rivojlanishi o‘yinning haqiqiy global xarakterini mustahkamlagan holda davom etishi kerakligiga bo‘lgan ishonchimizni qayta tasdiqlaymiz», — deya qayd etilgan bayonot matnida.
2026 yilgi Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSH, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tmoqda. Turnir tarixida ilk bor unda 48 ta milliy terma jamoa ishtirok etmoqda.
