Messi yoki Ronaldu? Asrning eng buyuk futbolchisi kim bo‘ladi?
AQShda o‘tayotgan Jahon chempionati so‘nggi 20 yillikdagi jahon futbolining eng buyuk raqobatlaridan biri — Lionel Messi va Krishtianu Ronaldu o‘rtasidagi bahsga yana bir muhim sahifa qo‘shmoqda. Futbol tarixida butun bir davrni belgilab bergan ikki afsona endi zamonamizning eng buyuk futbolchisi maqomi uchun so‘nggi va hal qiluvchi kurashni olib bormoqda.
Messi va Ronaldu futbol tarixidagi eng ko‘p sovrin yutgan futbolchilardan hisoblanadi. Ular faoliyati davomida qariyb 2000 ta gol urgan va klub hamda milliy jamoalar safida jami 85 ta sovrinni qo‘lga kiritgan.
Biroq qaysi biri buyukroq degan savolga aniq javob yo‘q. Agar mezon gollar soni va Chempionlar ligasidagi natijalar bo‘lsa, ustunlik Ronaldu tomonida. Agar «Oltin to‘p»lar soni va xalqaro musobaqalardagi yutuqlarga qaralsa, Messi oldinda.
Bir necha yil avval Portugaliya bilan Yevropa chempionligini qo‘lga kiritgan Ronaldu raqobatda oldinga chiqqanday ko‘ringan edi. Ammo keyinchalik Messi Argentina terma jamoasi bilan ikki marta Amerika kubogini va Jahon chempionligini qo‘lga kiritib, vaziyatni o‘zgartirdi.
Messi va Ronaldu haqida kitob yozgan mualliflardan biri Joshua Robinsonning ta’kidlashicha, Messida Ronalduda yo‘q eng muhim yutuq — Jahon chempionligi bor.
Joriy Jahon chempionati 41 yoshli Ronaldu uchun ushbu bo‘shliqni to‘ldirishdagi so‘nggi imkoniyat bo‘lishi mumkin. 39 yoshli Messi esa ketma-ket ikkinchi Jahon chempionligini qo‘lga kiritib, faoliyatiga munosib nuqta qo‘yishni maqsad qilgan.
Bu chempionat har ikki futbolchi uchun oltinchi Jahon chempionati hisoblanadi. Futbol tarixida juda kam sonli o‘yinchilar milliy jamoasi safida shuncha vaqt yuqori darajada ishtirok etgan. Shu jihatdan ular Meksika terma jamoasi darvozaboni Gilyermo Ochoa bilan bir qatorda turishadi.
Messi va Ronaldu o‘rtasidagi raqobat nafaqat bir avlod, balki butun futbol tarixining eng yorqin sahifalaridan biri bo‘lib qoladi. Kim buyukroq ekani haqidagi bahslar esa ular maydonni tark etganidan keyin ham uzoq yillar davom etishi shubhasiz.
