O‘zbekiston Respublikasining “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun haqida nimalar bilamiz?

Sud-huquq isloxotlarining mantiqiy davomi sifatida “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni 2017 yil 14 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, O‘zbekiston Respublikasi Senati tomonidan 2017 yil 20 dekabr kuni ma’qullandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2018 yil 8 yanvar kuni imzolangan va rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n ikki oy o‘tgach kuchga kirishi belgilandi.
Ushbu Qonun ma’muriy organlarning manfaatdor shaxslarga nisbatan ma’muriy-huquqiy faoliyatiga, shu jumladan lisenziya, ruxsat berish, ro‘yxatdan o‘tkazish tartib-taomillariga, davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq boshqa tartib-taomillarga, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq boshqa ma’muriy-huquqiy faoliyatga nisbatan tatbiq etiladi.
Normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish, davlat xizmatini o‘tash, referendumlar, saylovlar o‘tkazish, mudofaa, jamoat xavfsizligi va huquq-tartibot sohasida, shuningdek tezkor-qidiruv faoliyati, surishtiruv, dastlabki tergov, jinoiy majburlov choralarini qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa faoliyat, sud ishini yuritish, ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish sohasida yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari “Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning qo‘llanilish sohasiga kiruvchi munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Mazkur qonun ma’muriy-huquqiy faoliyat sohasida ma’muriy boshqaruv vakolati berilgan organlar, shu jumladan davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek ushbu faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa tashkilotlar va maxsus tuzilgan komissiyalarning ma’muriy-huquqiy faoliyatini tartibga solib kelmoqda.
“Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning maqsadi va asosiy vazifalari ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lib, ma’muriy organlar bilan munosabatlarda qonun ustuvorligini, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashdan iboratdir.
Doniyorjon Tojiboyev,
Namangan viloyat ma’muriy sudi sudyasi