O‘zbekiston Prezidenti Turkiya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi

O‘zbekiston Prezidenti Turkiya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 yanvar kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lini qabul qildi.

O‘zbekiston-Turkiya keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida tashqi ishlar vaziri Chavusho‘g‘li Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Davlatimiz rahbari oliy darajadagi muntazam va sermahsul muloqotlar ko‘p qirrali hamkorlikning jadal rivojlanishiga xizmat qilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oshmoqda, o‘tgan yilda 370 ta yangi qo‘shma korxona tashkil etildi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi aviatashuvlar soni ko‘paymoqda.

Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida, shu jumladan sanoat kooperasiyasi va mahalliylashtirish dasturlari doirasida yangi investisiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Ko‘p tomonlama tuzilmalar, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!