O‘zbekiston kuchli zilzilalarni prognoz qilishning yangi usullarini ishlab chiqadi

O‘zbekiston kuchli zilzilalarni prognoz qilishning yangi usullarini ishlab chiqadi

O‘zbekiston kuchli zilzilalarni prognoz qilishning yangi usullarini ishlab chiqadi. Bu haqda prezident imzolagan tegishli qarorda nazarda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasiga zamonaviy yondashuvlar joriy etiladi, bino va inshootlarning zilzilabardoshligi yanada oshiriladi. Shuningdek, kuchli zilzilalarni prognoz qilishning yangi usullarini ishlab chiqish va ularga tayyorgarlik ko‘rishning zamonaviy tizimini yaratiladi.

“2024 yil 1 iyundan boshlab MSK-64 shkalasi bo‘yicha 8 va undan yuqori ballik seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot ob’ektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan, seysmoizolyasiya va dempfer uskunalari bilan loyihalash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi”, — deyilgan hujjat matnida.

Shuningdek, 1 iyuldan boshlab yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III – IV toifa bo‘lgan ob’ektlarga bino va inshootlarning yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarini avtomatik monitoring qilish uskunasini o‘rnatish majburiy etib belgilanadi.

“MSK-64 shkalasi bo‘yicha 5 va undan yuqori ballik yer silkinishi sodir bo‘lganda uskunalardan olingan ma’lumotlar tezkor ravishda tahlil qilinadi. U haqidagi axborot O‘zbekiston aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tadbirlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashiga kiritiladi. Respublika kengashi uch kun muddatda hokimliklar bilan birgalikda zilzila natijasida aniqlangan bino va inshootlarning zaif nuqtalarini mustahkamlash va xavfni bartaraf etish choralarini belgilab, ularning amalga oshirilishini ta’minlaydi”, — deyilgan qaror matnida.

Belgilanishicha, 2024 yil 1 iyulga qadar respublikaning barcha tuman va shaharlari hududlari kesimida mintaqaviy akselerogrammalar raqamlashtirilsin hamda ularning onlayn bazalari shakllantiriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!