O‘zbekiston delegasiyasi Abu Ali ibn Sino qabrini ziyorat qildi

O‘zbekiston delegasiyasi Abu Ali ibn Sino qabrini ziyorat qildi

O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shodiyev boshchiligidagi mamlakatimiz delegasiya Eronning Hamadon shahriga tashrifi davomida Abu Ali ibn Sino qabrini ziyorat qildi, deb xabar qilmoqda «Dunyo» AA.

Buyuk bobokalonimiz, ulug‘ alloma va mutafakkir, tabobat ilmi sultoni, faylasuf, matematik, ruhshunos olim, musiqachi, benazir shoir sifatida ilm-fanning 29 sohasi rivojiga munosib hissa qo‘shgan Abu Ali ibn Sino 1037 yilda vafot etgan va Hamadonda dafn etilgan. Uning qabri ustiga maqbara qurilgan. Maqbara, shuningdek, Ibn Sinoga bag‘ishlangan muzey xonalarini ham o‘z ichiga.

Tabobat olamining ulug‘ vakili ziyoratidan keyin O‘zbekiston delegasiyasi Eronning Bu-Ali Sino fondi raisi va Bu-Ali Sino tibbiyot fanlari universiteti rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdilar.

Bu-Ali Sino tibbiyot fanlari universiteti vakillari ushbu oliy ta’lim muassasasi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Ta’kidlanishicha, shu kunga qadar universitetni 55 mingdan ortiq talaba tamomlagan. Hozirgi kunda 11 ming talaba tib ilmini o‘rganmoqda. Ularga 450 ta professor-o‘qituvchilar dars beradi. Universitetda 320 ta yo‘nalishda ilmiy tadqiqot ishlari olib borilayotgani bildirildi.

Uchrashuv davomida, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida ilm-fan, ilmiy tadqiqot, sog‘liqni saqlash va texnologiyalar sohalarida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!