Isroil va Livan sulhga kelishdi, Hizbulloh esa shartlarni rad etdi
AQSh Davlat departamenti ma’lum qilishicha, Isroil va Livan o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Biroq kelishuvning amalga oshishi Hizbullohning ham to‘liq sulhga rozi bo‘lishiga bog‘liq.
Vashingtonda Isroil va Livan delegasiyalari o‘rtasida ikki kun davom etgan muzokaralardan so‘ng e’lon qilingan bayonotda Isroil va Livan o‘rtasidagi munosabatlar kelajagi faqat ikki suveren davlat hukumatlari tomonidan hal qilinishi kerakligi ta’kidlandi. Shuningdek, Livan kelajagini har qanday davlat yoki nodavlat kuchlar garovga olishiga qarshi chiqildi.
Kelishuvga ko‘ra, Hizbulloh jangarilari o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishi hamda Livan janubidagi, Isroil chegarasidan Litani daryosigacha bo‘lgan hududni tark etishi lozim. Ayni paytda mazkur hudud Isroil armiyasi nazorati ostida turibdi.
Mart oyi oxirida Isroil mudofaa vaziri Isroil Kas mamlakat shimoli xavfsizligi ta’minlanmaguncha ko‘chirilgan aholi o‘z uylariga qaytishiga ruxsat berilmasligini va janubiy Livanda xavfsizlik zonasi saqlanib qolishini ma’lum qilgan edi.
Ushbu kelishuv dushanba kuni erishilgan qisman sulhdan keyin imzolandi. Unga muvofiq, Hizbulloh Isroilga hujum qilmagan taqdirda, Isroil Bayrut shahrini bombardimon qilmaslikka rozi bo‘lgan.
Tomonlar 22 iyun kuni yana uchrashib, keng qamrovli va uzoq muddatli kelishuvga erishish imkoniyatlarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda.
Biroq Hizbulloh bosh kotibi Naim Qosim Vashingtondagi muzokaralarni «kamsituvchi» deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, mazkur tashabbus Livan jamiyatining keng qatlamlari tomonidan qabul qilinmagan.
Qosim o‘t ochishni to‘xtatish to‘liq va keng qamrovli bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, Isroilning Livan hududidan to‘liq chiqib ketishini talab qildi. Shuningdek, u Livan hukumatini «bu fars va tahqirlashlarga chek qo‘yishga» chaqirdi.
Natijada, Isroil va Livan hukumatlari o‘rtasida kelishuvga erishilgan bo‘lsa-da, Hizbullohning uni rad etishi sulhning amalda tatbiq etilishiga jiddiy to‘siq bo‘lishi mumkin.
