Turk madaniyati va merosi markazining tantanali ochilish marosimi Varshavada bo‘lib o‘tdi
2026 yil 2 iyun kuni Polshaning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan University of Warsawda Turk madaniyati va merosi jamg‘armasining moliyaviy ko‘magi bilan tashkil etilgan Turk madaniyati va merosi markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Yan Rogalaning kirish so‘zi va moderatorligi bilan boshlandi.
Marosimda Agata Bareya-Stajinska, Ozarbayjon Respublikasining Polshadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Nargiz Gurbanova, Qozog‘iston Respublikasining Polshadagi elchixonasi maslahatchisi Saule Turginbekova, Turkiya Respublikasining Polshadagi elchixonasi maslahatchisi Sinem Turgut Bingyol hamda O‘zbekiston Respublikasining Polshadagi elchixonasi maslahatchisi Rovshanbek Jabborov so‘zga chiqishdi.
Nutq so‘zlaganlar Turk madaniyati va merosi jamg‘armasining Markazni tashkil etishdagi muhim o‘rni, moliyaviy ko‘magi va institutlararo hamkorlikni rivojlantirishdagi hissasini alohida ta’kidladilar. Ushbu tashabbus akademik hamkorlik va madaniy diplomatiyani mustahkamlashga, shuningdek, Yevroosiyo mintaqasida muloqotni rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Tadbirda Polsha Fan va oliy ta’lim vazirligining Xalqaro hamkorlik departamenti katta mutaxassisi Agneshka Bereza, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar ham ishtirok etdilar.
Faxriy mehmon sifatida so‘zga chiqqan Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi prezidenti Aktoti Raimqulova Markazning ochilishini tarixiy voqea deb baholadi. U Markaz nafaqat ta’lim maskani, balki Sharq va G‘arbni bog‘lovchi muhim madaniy ko‘prik ekanini ta’kidladi.
Professor Aktoti Raimqulovaning qayd etishicha, Markazning tashkil etilishi Jamg‘arma va Varshava universiteti o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumining amaliy natijasi hamda tomonlarning o‘zaro ishonchga asoslangan sa’y-harakatlari mahsulidir. U Markaz talabalarga turkiy xalqlarning boy tillari, tarixi, san’ati va an’analari bilan yaqindan tanishish imkonini berishini ta’kidladi. Shuningdek, loyiha amalga oshirilishida ko‘rsatgan yordami uchun universitet rahbariyatiga, shuningdek, elchi Nargiz Gurbanova va Ozarbayjonning Polshadagi elchixonasi jamoasiga minnatdorlik bildirdi.
Tadbir doirasida Markazning rasmiy ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Professor Aktoti Raimqulova, professor Agata Bareya-Stajinska va elchi Nargiz Gurbanova ramziy ravishda Markaz faoliyatiga start berdilar.
Marosimdan so‘ng turkiy davlatlar elchixonalari va hamkor tashkilotlar yangi tashkil etilgan Markazga esdalik sovg‘alari, ilmiy nashrlar, madaniy eksponatlar hamda ta’lim materiallarini topshirdilar.
Ta’kidlanishicha, ta’lim, ko‘rgazma va mahorat darslari maydoni sifatida faoliyat yuritadigan ushbu Markaz Polshada turkiy xalqlarning boy madaniy merosi va xilma-xilligini targ‘ib etishga, olimlar, madaniyat arboblari hamda keng jamoatchilik o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashga xizmat qiladi.
