Mobiuz aloqa operatori 351 mln dollarga sotildi
“Universal Mobile Systems” MCHJ (Mobiuz) ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushi xususiylashtirildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabariga ko‘ra, AQShning “McKim and Company” kompaniyasi boshchiligidagi moliyaviy investorlar va sohaviy texnologik hamkor “JVR Enterprises LLC” (DBA – “JVR Capital Group”) ishtirokidagi konsorsium taklifi g‘olib deb topilgan.
Ushbu taklifga muvofiq, MobiUz kompaniyasi 351 mln dollarga baholangan. Shuningdek, telekommunikasiya infratuzilmasini rivojlantirishga 500 mln dollargacha investisiya kiritish rejalashtirilgan.
“Mazkur taklifning sotish samaradorligini ko‘rsatuvchi EV/EBITDA multiplikatori 7,4x ni tashkil etib, bitimning yuqori samaradorligini aks ettiradi. Mazkur ko‘rsatkich qiyosiy bitimlar bilan solishtirganda biznesning raqobatbardosh baholanganini kshrsatadi hamda mustaqil baholovchi tomonidan aniqlangan qiymatdan sezilarli darajada yuqoridir”, – deyiladi Davaktiv bayonotida.
Bitimni yakunlash uchun tegishli tartibga soluvchi organlarning zarur ruxsatnomalarini olish, shuningdek belgilangan korporativ va huquqiy tartib-taomillarni bajarish talab etiladi.
Mobiuz'ni sotish bo‘yicha xalqaro savdo jarayoni 2025 yil iyun oyida boshlangan edi. Rasmiy axborotga ko‘ra, bu jarayonda AQSH, Yaponiya, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Yevropa hamda Kavkazorti mintaqalaridan 15 dan ziyod (aksariyati xorijiy) investor ishtirok etgan.
10 nafar ishtirokchi dastlabki narx taklifini bergan, ulardan faqat 6 tasi majburiyatga ega takliflar bilan chiqqan.
