"Ular hukumat binolarini egallashmoqchi edi"- Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi namoyish haqida

"Ular hukumat binolarini egallashmoqchi edi"- Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi namoyish haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari va faollari bilan uchrashuvda xalqimizga murojaat qildi:

"Aziz vatandoshlar!

Hurmatli Qoraqalpog‘iston xalqi!

Ma’lumki, shu kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umumxalq muhokamasi davom etmoqda.

Albatta, konstitusiyaviy islohotlarimiz Vatanimizning bugungi va kelajak hayoti uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan masaladir.

Muhokamalarda ko‘pmillatli xalqimiz o‘zining ko‘plab taklif va tavsiyalarini bildirmoqda.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi e’lon qilingan Konstitusiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tkaziladi. Shundan so‘ng fuqarolar tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar asosida Qonunchilik palatasi tomonidan takomiliga yetkaziladi.

Keyin esa mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yilib, fuqarolarimiz erkin ovoz berish orqali o‘zlarining bu masala bo‘yicha xohish-irodasini ifoda etadi.

Shundan keyingina O‘zbekiston Respublikasining Konstitusiyasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar qonuniy tusga kiradi.

"Bir so‘z bilan aytganda, yangilanayotgan Konstitusiyamizni takomiliga yetkazish uchun qancha vaqt va muddat kerak bo‘lsa, bu jarayon shuncha davom etadi. Bu borada faqat xalqimiz bilan bamaslahat ish olib boramiz.

Lekin, ayrim joylarda ushbu masalaning mohiyatini talqin qilishda tushunmovchilik holatlari uchramoqda.

Jumladan, loyihada ko‘zda tutilgan, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga oid ayrim normalarga bir guruh shaxslar tomonidan norozilik bildirilgan. Buning natijasida joriy yil 1 iyul kuni Nukus shahrining markaziy ko‘chalarida namoyishlar uyushtirilgan.

Ular tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini noqonuniy egallashga urinish harakatlari sodir etilgan.

Shu munosabat bilan quyidagi fikrlarni alohida ta’kidlashni zarur, deb hisoblayman.

Xalqimiz hukmiga havola etilgan mazkur Konstitusiyaviy qonun loyihasi hali qabul qilinmagan, umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan, xolos.

Yana bir bor ta’kidlayman: fuqarolarimizning xohish-irodasi, taklif va fikrlaridan kelib chiqqan holda, ushbu loyiha o‘zgaradi va takomiliga yetkaziladi".


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!