Ukrainaliklarning 82 foizi mamlakatning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlaydi

Ukrainaliklarning 82 foizi mamlakatning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlaydi

Ukrainaliklarning 97 foizi esa Rossiya ustidan g‘alaba qozonishiga ishonadi. Bu haqda AQShdagi Xalqaro respublikachilar instituti Ukraina va jahondagi vaziyat haqida o‘tkazilgan yirik so‘rov natijalarida ma’lum qildi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, ukrainaliklarning katta qismi (97 foiz) o‘z mamlakatlari Rossiya bilan urushda g‘alaba qozonishiga ishonishadi. Aholining 74 foizi esa Ukraina o‘z hududlarini 1991 yil chegaralari doirasida qaytarishiga ishonchi komil. O‘tgan yilning aprel oyida aholining atiga 53 foizi shu qarashda edi.

Aholining 8 foizi Kiyev Qrimni qaytarib ololmaydi, 9 foizi chegara o‘tgan yilning 24 fevralida keng ko‘lamli bosqin boshlanishidan oldin mavjud bo‘lgan holatiga qaytadi, deb hisoblamoqda.

Ukrainaliklarning katta qismi (91 foizi) prezident Volodimir Zelenskiyning harakatlarini ma’qullaydi (58 foizi uni "qat’iy" ma’qullaydi). Ukraina Qurolli kuchlarini aholining 89 foizi so‘zsiz qo‘llab-quvvatlamoqda, bosh vazir Denis Shmigalning qarorlarini esa respondentlarning 43 foizi ma’qullagan.

Qaysi davlat yoki xalqaro tashkilot Ukrainaga ko‘proq yordam bergani haqida so‘ralganda, respondentlarning ko‘pchiligi Polsha va AQShni (71 foiz), ikkinchi o‘rinda Buyuk Britaniyani (48 foiz) qayd etishgan.

Shuningdek, so‘rovdan ma’lum bo‘lishicha, ukrainaliklarning 82 foizi mamlakatning NATOga kirishi uchun ovoz berishga tayyor. Bu o‘tgan yilning iyun oyiga nisbatan 10 foizga, 11 oy oldingiga nisbatan 23 foizga ko‘pdir.

Bundan tashqari, ko‘pchilik ukrainaliklar urushdan keyin o‘z mamlakatlarini qayta qurish Rossiya va ruslar tomonidan — Rossiya aktivlari hisobidan yoki reparasiyalar orqali to‘lanishi kerakligiga amin. Bu butun mamlakat bo‘ylab so‘ralgan ukrainaliklarning 89 foizining fikrini tashkil qilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!