Ukrainada SAMP-T tizimi uchun raketalar tanqisligi kuchaymoqda – Corriere della Sera

Nashrning yozishicha, Italiya va Fransiya tomonidan Ukrainaga yetkazib berilgan ikkita SAMP-T zamonaviy havo mudofaa tizimlari o‘zining Aster-30 raketalari zaxirasini deyarli tugatgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina hukumati bir necha haftadan buyon Rim va Parijdan kamida 50 ta Aster-30 raketasini taqdim etishni so‘rab kelmoqda. Biroq Italiya hukumatining o‘zida ham raketalar zaxirasi tanqisligi kuzatilayotgani sababli ushbu so‘rovlar bo‘yicha so‘nggi qaror qabul qilishga shoshilmayapti. Fransiyada raketalar ko‘proq, ammo Parij ham hali ijobiy javob bermagan.
Kiyevga birinchi SAMP-T tizimi 2023 yilda Italiya va Fransiya tomonidan yetkazib berilgan edi. Ikkinchi majmua esa 2024 yil sentyabr oyining oxirida Italiyadan Ukrainaga jo‘natilgan. SAMP-T tizimi bir vaqtning o‘zida o‘nta nishonni kuzatib, ularni yo‘q qilish imkoniyatiga ega. U Yevropa ishlab chiqargan yagona havo mudofaa tizimi bo‘lib, ballistik raketalarni urib tushirish qobiliyatiga ega. Bir dona tizimning bahosi taxminan 500 million yevroni tashkil qiladi.
Ommaviy axborot vositalari ma’lumotlariga ko‘ra, Aster-30 raketalari tanqisligidan tashqari, Ukraina armiyasi amerikaliklar tomonidan yetkazib berilgan uzoq masofaga uchuvchi ATACMS raketalarining ham yetishmovchiligini his qilmoqda. Ularning zaxirasi 2025 yil yanvar oyining oxirida tugagan.