Ukraina va AQSh qurol-yarog‘ni qo‘shma ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyev va AQShning mudofaa sanoati kompaniyasi Lockheed Martin qurol-yarog‘ni qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ustida ish olib borayotganini ma’lum qildi.
Zelenskiy AQShda Lockheed Martin rahbariyati bilan uchrashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda qurol-yarog‘ni qo‘shma ishlab chiqarish, texnologiyalar almashinuvi, shuningdek, Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilingan.
«Ukraina hayotlarni himoya qilishda bizga yordam berayotganlar bilan bo‘lishadigan tajriba va imkoniyatlarga ega», — dedi prezident.
Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina va AQSh jamoalari qo‘shma ishlab chiqarishni tezroq yo‘lga qo‘yish hamda Ukrainaning mudofaa salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan aniq yechimlar ustida allaqachon ishlamoqda.
Prezident, shuningdek, kompaniyaga Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi.
Lockheed Martin AQShning eng yirik qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lib, uning mahsulotlari qatoriga ATACMS raketalari, HIMARS reaktiv zalp o‘t ochish tizimlari, F-16 qiruvchi samolyotlari va Patriot majmualari uchun raketalar kiradi.
Avvalroq Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvida Ukrainada Patriot majmualari uchun tutib qoluvchi raketalarni lisenziya asosida ishlab chiqarish imkoniyati ham muhokama qilinganini ma’lum qilgan edi.
