Ukraina Rossiya bilan yana asirlar almashdi

Ukraina Rossiya bilan yana asirlar almashdi

Navbatdagi asirlar almashinuvi chog‘ida 116 nafar ukrainalik askar o‘z vataniga qaytdi. Moskva ma’lumotlariga ko‘ra, rossiyalik 63 harbiy xizmatchi ozod etilgan. Ularning bir qismi BAA vositachiligida almashtirilgan.

Rossiya bilan harbiy asirlarni almashish doirasida 116 kishi Ukrainaga qaytdi. Bu ma’lumotni 4 fevral, shanba kuni Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak tasdiqladi va Telegram’da gap «Mariupol himoyachilari, Xerson partizanlari, Baxmut yo‘nalishidagi snayperlar va boshqa qahramonlar» haqida ketayotganini yozdi.

Ermakning so‘zlariga ko‘ra, qaytganlar orasida Ukraina Qurolli kuchlarining 87 nafar harbiy xizmatchisi, hududiy mudofaaning sakkiz nafar jangchisi, Milliy gvardiyaning yetti nafar xodimi, Milliy polisiyaning olti nafar xodimi, soliq xizmatining besh nafar xodimi, ikki nafar dengiz floti xizmatchisi va Davlat favqulodda vaziyatlar xizmatining bir vakili bor. Shu bilan birga, ozod etilgan harbiy asirlardan ikki nafari ofiserlar, 114 nafari oddiy askar va serjantlardir, dedi Yermak.

Bundan tashqari, Rossiya tomoni halok bo‘lgan xorijlik ko‘ngillilar Kristofer Metyu Perri va Endryu Tobias Metyuning jasadlarini, shuningdek, Fransiya xorijiy legionida xizmat qilgan va urush boshlanganidan so‘ng Ukrainani himoya qilish uchun qaytgan marhum ukrainalik ko‘ngilli Yevgeniy Kulikning jasadini topshirdi.

O‘z navbatida, Rossiya Mudofaa vazirligi muzokaralar natijasida 63 nafar rossiyalik harbiy Ukraina asirligidan ozod etilganini ma’lum qildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!