Turkiya Quddusdagi Al-Aqso masjidida sodir bo‘lgan voqeani qoraladi
Turkiya Tashqi ishlar vazirligi Quddusdagi Al-Aqso masjidida sodir bo‘lgan voqeani qoraladi.
Bu haqda Turkiya vazirligi o‘zining rasmiy veb-saytida bayonot joylashtirdi.
"Biz Isroil vazirining xavfsizlik kuchlari himoyasi ostida Al-Aqso masjidiga qilgan bosqinini qattiq qoralaymiz", deyiladi bayonotda.
Turkiya Tashqi ishlar vazirligi shuningdek, Quddusdagi muqaddas joylarning tarixiy va huquqiy maqomini buzish noqonuniy ekanligini va bunday provokasiyalarning oldini olish xalqaro hamjamiyatning umumiy mas’uliyati ekanligini ta’kidladi.
Turkiya Prezidenti ma’muriyatining kommunikasiyalar bo‘limi boshlig‘i Burhanettin Duran ham o‘zining X ijtimoiy tarmoq akkauntida voqeani qoraladi.
"Al-Aqso masjidining muqaddasligiga qarshi urinishlar qabul qilinishi mumkin emas", deb yozgan u.
The Guardian avvalroq Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir minglab yahudiylar bilan birga Quddusdagi Al-Aqso masjidi majmuasiga ibodat qilish uchun tashrif buyurganini va bu Falastin va Iordaniya rasmiylarining keskin tanqidiga sabab bo‘lganini xabar qilgan edi. Ishtirokchilarning harakatlari muqaddas joyda musulmon bo‘lmaganlarning ibodat qilishini taqiqlovchi mavjud status-kvoni buzish sifatida ko‘rildi va mintaqada keskinlikning kuchayishi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi.
