O‘zbekiston 1,55 mlrd dollarlik gaz import qildi, eksport hajmi esa 600 mln dollarga yetdi
O‘zbekiston ichki gaz ishlab chiqarish hajmi kamayishi va import 1,55 mlrd dollarga yetganiga qaramay, gaz eksport qilishni davom ettirmoqda. Yil boshidan buyon xorijiy davlatlarga «ko‘k yoqilg‘i» yetkazib berish qariyb 600 mln dollarga yetdi. Xitoy 667,4 mln dollarlik o‘zbek gazini import qilganini bildirdi.
O‘zbekiston yanvar-noyabr oylari davomida rekord darajada 1,55 mlrd AQSh dollari qiymatida gaz import qildi. Bu haqda prezident huzuridagi Statistika agentligining «Gazeta.uz» o‘rgangan tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha hisobotida so‘z boradi.
Mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,8 barobar ko‘p bo‘lib, o‘sha paytda gaz importi 562,7 mln dollarni tashkil etgan. Qolaversa, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning umumiy gaz importi hajmidan deyarli 2,2 barobar ko‘pdir (694,9 mln dollar).
Yanvar oyida «ko‘k yoqilg‘i» importi 35,6 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, fevral oyida bu ko‘rsatkich 3,7 barobar oshib, 131,1 mln dollarga yetgan. Martda 193,5 mln dollar, aprelda 102,6 mln dollar, mayda 180,4 mln dollar, iyunda 166,3 mln dollar, iyulda 174,2 mln dollar, avgustda 168,3 mln dollar, sentyabrda 126,3 mln dollar, oktyabrda esa 86,7 mln dollarni tashkil etgan. Statistika agentligi yetkazib berilgan gazning jismoniy hajmlari haqida ma’lumot bermagan.
Noyabr oyida esa import hajmi keskin oshib, 186,8 mln dollarga yetgan. Bu o‘tgan yilning noyabr oyiga (1 mln dollar) nisbatan 187 barobar ko‘pdir.
O‘zbekiston, shuningdek, o‘tgan yilga nisbatan gaz eksport qilish hajmini ham oshirdi (qiymat jihatidan). Eksport hajmi 540,4 mln dollarga yetdi, bu o‘tgan yilning shu davriga (458,2 mln dollar) nisbatan 17,9 foiz ko‘proqdir.