Tungi fojia: Qashqadaryoda o‘g‘il onasini pichoqlab o‘ldirdi
Yaqinda Chiroqchi tumani “Kishmishtepa” mahallasida sodir etilgan qotillik jinoyatining kelib chiqish sabablari va bunga olib kelgan shart-sharoitlar yuzasidan muhokama yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik SH.Satvoldiyev, tumandagi sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar va tuman Tibbiyot birlashmasi va patronaj hamshiralari hamda mahalla faollari ishtirok etdi.
Ma’lum bo‘lishicha, shu yilning 8 may kuni ona bola – T.N. va J.T. birga spirtli ichimlik iste’mol qilishadi. Gap orasida o‘zaro kelishmovchilik chiqib, ona-bola tortishib qoladi. Tortishuv janjalga aylanib, tungi soat 02.00larda o‘g‘il J.T. onasi T.N.ga pichoq uradi. Natijada ayol vafot etgan.
Ona-bola o‘rtasidagi sovuq munosabatlar bir kunda paydo bo‘lmagan. Ular kunda bo‘lmasa-da kunaro janjallashib turganidan qo‘ni-qo‘shnilar, yaqinlari xabardor bo‘lgan. Ona-bola bilan hudud profilaktika inspektori bir necha bor profilaktik suhbat o‘tkazgan.
Mahalla faollari, oqsoqollar va boshqa mutasaddi tashkilotlar ham 2-guruh nogironi bo‘lgan ona-bolani murosaga keltirish borasida amalga oshirgan qator profilaktik ishlarga qaramay janjal barham topmagan.
Shu o‘rinda tibbiyot birlashmasi va patronaj hamshiralari o‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragani, ya’ni, 2-guruh nogironi bo‘lgan ona-bola holidan xabar olish ishlarini yetarli darajada tashkil etmagani tanqid qilindi. Bu borada mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan tibbiyot xodimlari faoliyati tahlil etilib, tegishli choralar ko‘rilishi bo‘yicha mas’ul shaxslarga tegishli topshiriqlar berildi.
Buning uchun tumandagi sektor ishchi guruhi xodimlari ishini yanada kuchaytirish, janjalkash oilalarni qamrovga olish va profilaktik ishlarni ta’sirchanligini oshirish, pirovardida fuqarolarning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, maishiy va boshqa muammolarini bartaraf etadigan oqil va kayvoni insonlardan samarali foydalanish lozimligi ishtirokchilarga uqtirildi.
Muhokamada holat yuzaga kelishiga mas’ul mutasaddi idoralar vakillaridan voqea bo‘yicha izoh so‘ralib, o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondoshgan oqsoqol va rahbarlarga tegishli jazo choralari belgilandi.
Mazkur holat yuzasidan Chiroq tuman prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
