Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani rasmiylashtirish narxi oshdimi?

Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani rasmiylashtirish narxi oshdimi?

O‘zbekistonda 2021 yil 1 fevraldan boshlab tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani rasmiylashtirish narxi va qayd etishda qanday xizmatlar ko‘rsatilishi ma’lum qilindi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva ma’lumot berdi.

Aytilishicha, 2021 yil 1 fevraldan bazaviy hisoblash miqdori 245 ming so‘m qilib belgilandi. Shunga ko‘ra:

  • Tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma uchun faqat gerb yig‘imi undiriladi: bu (BHMning 15 foizi) 36 750 so‘mni tashkil etadi.
  • Tug‘ilganlik haqida takroran beriladigan guvohnoma uchun: jami 73 500 so‘m – davlat boji (15 foiz) 36 750 so‘m, gerb yig‘imi (15 foiz) – 36 750 so‘m.
  • Tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani joyiga chiqib, tantanali vaziyatda berish uchun: gerb yig‘imi (15 foiz) – 36 750 so‘m hamda (50 foiz) 122 500 so‘m.

Shuningdek, bola tug‘ilgan joydagi tibbiyot muassasasi xodimi bola tug‘ilgach, 1 kun ichida bola va ota-onasi haqidagi ma’lumotlarni «Tug‘ilish va o‘limni, shu jumladan, perinatal o‘limni elektron ro‘yxatga olish» axborot almashinuvi tizimiga kiritadi. Ma’lumotlar avtomatik tarzda «FHDYo yagona elektron arxivi» axborot tizimiga yuboriladi.

Bundan tashqari, FHDYo bo‘limi ma’lumotlarni qabul qilib olgach, 3 ish soati ichida ko‘rib chiqadi va bolaga tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani rasmiylashtiradi.

Ma’lumotlar kompleks tartibda boshqa xizmatlarni ko‘rsatish uchun avtomatik ravishda IIV, MTV, SSV hamda byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi axborot tizimlariga yuboriladi. Shunga ko‘ra:

  • Tuman (shahar) IIB bolani 1 kun ichida tegishli manzil bo‘yicha doimiy ro‘yxatga qo‘yadi;
  • MTV maktabgacha ta’limni boshqarishning axborot tizimida so‘rovda ko‘rsatilgan bog‘chaga bolani avtomatik ravishda navbatga qo‘yadi;
  • SSV 1 ish kuni ichida ona ro‘yxatda turgan poliklinikaga (ro‘yxatda turmagan taqdirda doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan yashash manzilidagi poliklinikaga) bolani ro‘yxatga qo‘yadi;
  • Pensiya jamg‘armasi bo‘limi farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini avtomatik ravishda rasmiylashtiradi.

Ma’lum qilinishicha, tug‘ilganlikni qayd etish bilan bog‘liq kompleks davlat xizmatlari Toshkent va Nukus shaharlarida 2021 yil 1 fevraldan barcha viloyat markazlarida, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab butun respublika hududida ko‘rsatiladi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!