Tramp yangi import bojlari haqida e’lon qiladi
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati 24 iyul kuni import tovarlariga nisbatan yangi bojlar paketini e’lon qiladi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi tariflar tafsilotlarini kun davomida AQSh savdo vakili Jeymison Grir taqdim etadi.
Hafta boshida Tramp Kanadaning aksariyat tovarlariga 50 foizlik import bojlarini joriy etgan edi. U Ottavani Amerika avtomobillari, alkogol va sut mahsulotlariga nisbatan adolatsiz cheklovlar qo‘llashda ayblagan. Energiya tashuvchilar, kaliyli o‘g‘itlar, baliq va strategik ahamiyatga ega minerallar ushbu bojlardan mustasno qilingan.
Fevral oyida AQSh Oliy sudi Donald Trampning favqulodda iqtisodiy holat e’lon qilish orqali keng ko‘lamli import bojlarini joriy etish vakolatini cheklaganidan so‘ng, ma’muriyat 1974 yilgi Savdo to‘g‘risidagi qonunning 122-moddasi asosida 10 foizlik global tarif joriy qilgan edi. Ushbu tariflar 25 iyul kuni o‘z kuchini yo‘qotadi.
Mart oyida AQSh savdo vakili Jeymison Grir mazkur qonunning 301-moddasi doirasida bir qator tekshiruvlarni boshlagan. Ana shu tekshiruvlar natijasida joriy etiladigan yangi tariflar amaldagi bojlar o‘rnini egallashi mumkin.
301-modda doirasidagi tekshiruvlar, asosan, ortiqcha sanoat quvvatlariga ega bo‘lgan va AQSh fikricha, Amerika mahsulotlari uchun noqulay raqobat muhitini yaratayotgan davlatlar, shuningdek, majburiy mehnatdan foydalanib ishlab chiqarilgan mahsulotlar importini yetarlicha nazorat qilmayotgan savdo hamkorlariga nisbatan olib borilmoqda.
