Tramp navbatdagi chiqishida qator global masalalarga to‘xtaldi

AQSh Prezidenti Donald Tramp yana bir bor global energetika, Rossiya– Ukraina urushi, Kremlga qarshi sanksiya va noqonuniy migrantlar haqida gapirdi:
Energetika masalasi
– Qo‘shma Shtatlar dunyoni yuzlab yillar davomida energiya bilan ta’minlashga qodir. Mamlakat hozir eng yaxshi energiya resursi – toza va samarali tabiiy gaz zaxirasiga ega. Yangi ma’muriyat uglevodorod ishlab chiqarishni ko‘paytirish va shamol energetikasini rivojlantirishni rad etib, tabiiy gaz energiyaning ustuvor manbai, deb hisoblaydi.
Rossiya va Ukraina urushi zudlik bilan tugatilishi kerak
– Mojaro hech qachon boshlanmasligi kerak edi, Ukraina hozir keng ko‘lamli vayronagarchilikni boshdan kechirmoqda. Vaziyat zudlik bilan hal qilinishi, zo‘ravonlikka chek qo‘yilishi zarur. Rossiyaga yangi cheklov qo‘yishni istamaymiz, ammo vaziyat o‘zgarmasa, AQSh yuqori boj belgilash va sanksiya joriy etishga majbur bo‘ladi.
Xitoy bilan savdo urushi
– XXR rahbari Si Szinpin bilan adolatli savdo shartini muhokama qilishi mumkinligiga ishonaman. Biz xitoyliklarga kerakmiz. Qo‘shma Shtatlar manfaati uchun muzokaraga tayyorman.
Har galgidek, hammasiga Bayden aybdor
– Avvalgi prezidentlik davrimda inflyasiya, Afg‘oniston va Ukrainada vaziyat yomonlashishi kabi muammolar bo‘lmagan. Bayden ichkariga kiritgan 20 milliondan ortiq noqonuniy muhojir butun dunyodan kelgan jinoyatchilardir.
Eron haqida
– Men Eron buyuk davlat bo‘lishini istayman. Bu mamlakatning ulkan salohiyati bor, odamlari hayratlanarli. Ayni mavzudagi yagona xulosam shuki, Eron yadro quroliga ega bo‘lolmaydi. Aks holda boshqalar ham shunga ergashadi va keyin falokat yuz beradi.
NATO
– Biz NATOni himoya qilamiz, Alyans esa bizni muhofazasiga olmaydi. Ko‘ryapsizmi? Shuning uchun men mablag‘ sarflashimiz shartligiga ishonchim komil emas. Boshqa tomondan, ularga albatta yordam berishimiz lozim. Tuzilma a’zolari mudofaa xarajatini YAIMning ikki foizidan besh foizigacha oshirishi kerak, degan fikrimda qolaman.
Sun’iy intellekt
– Sun’iy intellekt tufayli juda ko‘p ish o‘rinlari yaratiladi. Qolaversa, bu tizim ko‘p foyda keltiradi. Masalan, tibbiy tadqiqot doirasida saraton kasalligiga davo topish uchun qo‘l keladi. Bilasizmi, biz Xitoydan oldinda bo‘lishni xohlaymiz. Qo‘shma Shtatlar sanoat ishlab chiqarishi, sun’iy intellekt va kripto valyuta kabi sohalarda yetakchiga aylanishi zarur. Xalqaro kompaniyalar ishlab chiqarishni AQShga ko‘chirishi lozim, bunday korxonalarga dunyo miqyosidagi eng past soliq joriy qilinadi.
Neft narxi
– Saudiya Arabistoni va OPEKdan neftni arzonlashtirish so‘raladi. Mavjud raqobat davom etishi uchun hozirgi qiymat juda yuqori. Narxni tushirish shart. Shu yo‘l bilan urushni tugatish mumkin. Bu qadam ancha oldin qo‘yilishi kerak edi.
Xulosa: AQSh kuchli va boy bo‘ladi
– Mamlakatimiz tez orada har qachongidan-da kuchliroq, boyroq va birdam bo‘ladi. Aql bovar qilmaydigan bunday jadallik natijasida butun sayyorada barqaror tinchlik, farovonlik kuzatiladi.