Tramp Kongressni mudofaa uchun qo‘shimcha 350 mlrd dollar ajratishga chaqirdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Kongressni mudofaa uchun qo‘shimcha 350 mlrd dollar ajratishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qullashga chaqirdi.
Tramp ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida AQSh Qurolli kuchlarining imkoniyatlari, harbiy xizmatga jalb qilish sur’atlari va Kongress oldida turgan ustuvor vazifalar haqida fikr bildirgan.
Prezidentning ta’kidlashicha, Amerika armiyasi tarixdagi eng yuqori qudrat darajasiga yetgan.
«Amerika armiyasi hech qachon bu qadar kuchli va ta’sirli bo‘lmagan. Boshqa hech bir davlat biz qilayotgan ishlarni amalga oshira olmaydi. Ular hatto bizga yaqinlasha olmaydi ham», – dedi u.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilda harbiy xizmatga jalb qilish ko‘rsatkichlari kampaniya yakunlanishiga bir necha oy qolganiga qaramay, tarixiy rekordlarni yangilagan. Shuningdek, u harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy ruhi yuqori darajada ekanini ta’kidladi.
AQSh prezidenti Pentagon hozir «har qachongidan ham yaxshi holatda» ekanini aytib, mavjud harbiy ustunlikni saqlab qolish zarurligini bildirdi.
Uning fikricha, Kongress ta’tildan qaytgach, mudofaa xarajatlarini moliyalashtirish masalasini birinchi navbatda ko‘rib chiqishi lozim.
«Kongress ishini qayta boshlaganda, mudofaa uchun 350 mlrd dollar ajratishni nazarda tutuvchi byudjet qonuni va «Amerikani himoya qilish to‘g‘risida»gi qonunni qabul qilishimiz kerak. Byudjet qo‘mitasi sessiya ochilishi bilanoq bu mablag‘ni tezkorlik bilan ma’qullashi, Kongress rahbariyati esa masalani asosiy ustuvor vazifaga aylantirishi lozim», – deydi Tramp.
Uning qo‘shimcha qilishicha, «Amerikani himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun va harbiy soha uchun to‘liq moliyalashtirish bir vaqtning o‘zida qisqa muddatda qabul qilinishi mumkin.
