TOVLAMACHILIK UCHUN JINOIY JAVOBGARLIK

TOVLAMACHILIK UCHUN JINOIY JAVOBGARLIK

Jinoyat kodeksining 165-moddasiga ko‘ra, tovlamachilik, ya’ni jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish -uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Tovlamachilik: a) takroran yoki xavfli residivist tomonidan; b) ko‘p miqdorda; v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, -besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Tovlamachilik: a) juda ko‘p miqdorda; b) o‘ta xavfli residivist tomonidan;v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, -o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shu o‘rinda sud amaliyotidan misol keltirsak: Sudlanuvchi Eldor Mirzoxidov (ism shariflar shartli) 2021 yil oktyabr oyining boshlarida jabrlanuvchi Iroda Shoyevaga sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar, ya’ni “o‘ta yaqin” munosabatda bo‘lgan holatlarni videotasvirga tushirib olgani, uni tarqatib yuborishi va oila-a’zolariga oshkor qilishini aytib qo‘rqitib, undan 5.000.000 so‘m berishini talab qilib, uni o‘z mulkini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yib, undan 5.000.000 so‘m hamda joriy yil 21 fevral kuni M.Isaqovaning arizasiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1.500.000 so‘m pullarni olib, tovlamachilik qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 32-moddasiga muvofiq, umumiy qasd bilan qamrab olingan va yagona maqsadga yo‘naltirilgan bir jinoyat tarkibini tashkil qiluvchi bir-biriga o‘xshash bir necha jinoiy qilmishdan iborat bo‘lgan (davomli) jinoyat takroran sodir etilgan deb topilmaydi.

Sudlanuvchi Eldor Mirzoxidovning sodir etgan jinoyatining ob’ekti va sodir etish usuli, oqibatlari bir xil bo‘lib, uning jinoiy harakati umumiy, yagona qasd bilan qamrab olingan va uning sodir etgan tovlamachilik jinoyati davomli harakterga ega bo‘lgan jinoyat hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil
3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori 1-bandida, jinoyat uchun jazo tayinlashda qonuniylik, insonparvarlik, odillik va javobgarlikning muqarrarligi prinsiplariga qat’iy amal qilishi, 3-bandida, JKning 8,54-moddalari mazmuniga ko‘ra, jazo adolatli bo‘lishi - har bir holatda individual tayinlanishi, jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga, aybdorning shaxsiga, shuningdek, jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi holatlarga muvofiq bo‘lishi kerakligi haqida tushuntirishlar berilgan.

Sud, sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvlarini eshitib, taraflarning muzokara so‘zlarini, sudlanuvchining himoya va oxirgi so‘zini tinglab, ishdagi dalillarni har tomonlama to‘la tekshirib, muhokama qilib, qonun sanksiyasida ko‘rsatilgan jazoni tayinladi.

Dilmurod Madaminov,

Namangan viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!