Toshkentdagi qaysi tumanlarda ajrimlar soni oshgan?

Toshkentdagi qaysi tumanlarda ajrimlar soni oshgan?

25 yanvar sanasida Toshkent shahar sudi va Toshkent shahar ma’muriy sudi tomonidan 2022 yilda odil sudlovni amalga oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar xususida xabar berish maqsadida brifing tashkil qilindi. Unda Toshkent shahar sudi raisi Erkin Xodjakulov, Toshkent shahar ma’muriy sudi raisi Ulug‘bek Almamedov, Toshkent shahar sudi rais o‘rinbosarlari Shuhrat Abbasov, Akbarali Turabov, Maqsudbek Saidov, sudyalar va OAV vakillari ishtirok etishdi.

— O‘tgan 2022 yilni sarhisob qilar ekanmiz, Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan odil sudlovni amalga oshirish orqali qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lida bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, yil davomida sudlar tomonidan 73.178 ta fuqarolik ishi ko‘rib tamomlangan bo‘lib, fuqarolik ishlari soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19.180 ta yoki 35.5 foizga ko‘paygan. (2021 yilda bu ko‘rsatkich 59.998 tani tashkil etgan), - deydi Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari – fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Shuhrat ABBASOV.

Ko‘rib tamomlangan ishlarning 62.270 tasi (85.1 foizi) bo‘yicha hal qiluv qarori chiqarilgan (shundan 56 285 ta (90.4 foizi) bo‘yicha da’vo talablari qanoatlantirilgan, 5985 tasi (9.6 foiz) rad etilgan), 773 ta (1.05 foiz) fuqarolik ishi bo‘yicha ish yuritish tugatilgan, 10.135 ta (13.8 foiz) arizalar ko‘rmasdan qoldirilgan.

Hakamlik sudlarining hal qiluv qarorlariga doir 164 ta va material shaklida 14.096 ta arizalar hal qilingan.

Shu bilan birga, tumanlararo sudlari tomonidan 40.743 ta arizalar sud buyrug‘i tartibida hal qilingan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 16.763 ta (69.9 foiz)ga ko‘paygan.

Demak, sudlar tomonidan 2022 yilda hal qilingan jami ishlar 128.181 tani tashkil etgan.

Brifingda ko‘rilgan ishlar Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan 5 ta fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlari kesimidagi tahliliga ham to‘xtalib o‘tildi:

  • 33.096 tasi (20 341 ta ish va 12 755 ta s/b) Yakkasaroy tumanlararo sudi,
  • 27.812 tasi (19.555 ta ish va 8 257 ta s/b) Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi,
  • 27.475 tasi (19 713 ta ish va 7 762 ta s/b) Mirobod tumanlararo sudi,
  • 24.917 tasi (15 692 ta ish va 9 225 ta s/b) Shayxontohur tumanlararo sudi,
  • 14.881 tasi (12 137 ta ish va 9 225 ta s/b) Uchtepa tumanlararo sudi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Tumanlararo sudlarda 44 nafar sudyalik shtati mavjud bo‘lib, 2022 yil yakunida 43 nafar sudya faoliyat ko‘rsatdi. Har bir sudyaning o‘rtacha oylik ish hajmi 271 ta ishni tashkil etgan.

Ko‘rilgan ishlar bo‘yicha sudga da’vo ariza (ariza)lar bilan muroaat qilishda davlat foydasiga 34.629.058.755 so‘m davlat boji ixtiyoriy to‘langan bo‘lib, qabul qilingan yakuniy sud hujjatlariga asosan davlat byudjetiga 134.226.239.541 so‘m davlat boji undirilishi belgilangan.

Bundan tashqari, 2022 yilda sud hujjatlariga asosan jami 2.677.493.889.229 so‘mlik 182.642 ta ijro hujjatlari ijro qilish uchun Majburiy ijro byurosi organlariga yuborilgan. Ularning 1.046.476.742.121 so‘mlik 78.532 tasi yoki 43 foizi amalda ijrosi ta’minlangan, qolgan 1.363.667.126.969 so‘mlik 96.216 tasi yoki 52,6 foizi ijrosini ta’minlash yuzasidan davlat ijrochilari tomonidan ijro harakatlari olib borilayotgan ekan.

Sud buyrug‘i tartibida hal qilingan 40.743 ta arizalar toifalar kesimida tahlil qilinganda:

  • 15.064 tasi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari a’zolaridan to‘lovlarni undirish,
  • 7499 tasi yozma bitimga asoslangan va qarzdor tomonidan tan olingan talablar,
  • 7404 tasi kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish,
  • 5077 tasi voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun aliment undirish,
  • 3977 tasi soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni undirish,
  • 1721 tasi ish haqi undirish haqidagi talablarni tashkil etgan.

2022 yil davomida Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan sud hujjatlariga nisbatan berilgan shikoyat (protest)lar asosida 3170 ta ishlar apellyasiya tartibida ko‘rilgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga (2577 ta) nisbatan 593 taga (23.0 foiz) oshgan.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, sud hujjatlariga nisbatan apellyasiya tartibida kelib tushgan shikoyat (protest)lar tumanlararo sudlari tomonidan jami ko‘rilgan (87.438 ta) ishlarning 3,6 foizini tashkil etgan.

Apellyasiya instansiyasida ko‘rilgan 3170 ta ishning 2406 tasi yuzasidan sud hujjatlari o‘zgarishsiz qoldirilib, 571 tasi yoki sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlarning 0,6 foizi bekor qilingan, 193 tasi yoki 0,2 foizi o‘zgartirilgan.

Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalarining o‘rtacha oylik ish hajmi 20.7 tani tashkil etgan (ushbu ko‘rsatkich Respublika sudlarida o‘rtacha 11,6 tani tashkil etadi).

— Tahlillardan ko‘rinadiki, tumanlararo sudlari tomonidan 2021 yilga nisbatan 2022 yilda quyidagi ishlarning soni sezilarli darajada KAMAYGAN:

  • qarz undirishga doir ishlar 5405 tadan 3463 ta (- 1942 ta);
  • mulk ijara shartnomasi bilan bog‘liq (uy-joy ijarasidan tashqari) nizolar 768 tadan 337 taga (- 431 ta);
  • uyga kiritish haqidagi nizolar 555 tadan 524 taga (- 31 ta);
  • ishga tiklash haqidagi nizolar 447 tadan 412 taga (- 35 ta);
  • farzandlikka olish haqidagi ishlar 375 tadan 369 taga (- 6 ta);
  • fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki fuqaroni muomalaga layoqatsiz deb topish haqidagi ishlar 269 tadan 261 taga (- 8 ta);
  • ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida shaxsning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va obro‘siga, shuningdek mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash haqidagi ishlar 149 tadan 112 taga (- 37 ta);
  • mulkni noqonuniy egalikdan talab qilib olishga doir (uy-joy nizolaridan tashqari) ishlar 116 tadan 93 taga (- 23 ta);

Shu bilan birgalikda quyidagi toifa ishlar soni KO‘PAYGAN:

  • kredit shartnomasidan kelib chiqadigan nizolar bilan bog‘liq ishlar
    23.261 tadan 38.042 taga (+ 14 781 ta);
  • nikohdan ajratish haqidagi ishlar 7834 tadan 8 247 taga (+ 413 ta);
  • o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yerlarni qaytarish va unda qurilgan uy-joy yoki qurilmani buzishga doir nizolar 1080 tadan 3023 taga (+ 1943 ta);
  • sug‘urta shartnomasiga doir ishlar 1061 tadan 2930 taga (+ 1869 ta);
  • ish haqini undirish bilan bog‘liq ishlar 465 tadan 683 taga (+ 218);
  • vorislik huquqidan kelib chiqqan nizolar 442 tadan 568 taga (+ 126);
  • uydan ko‘chirishga doir nizolar 442 tadan 475 taga (+ 33 ta);
  • yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni aniqlash bilan bog‘liq ishlar 359 tadan 452 taga (+ 93 ta);
  • oldi-sotdi shartnomasiga doir ishlar 282 tadan 457 taga (+ 175 ta);
  • jinoyat oqibatida shaxsning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va obro‘siga, shuningdek mol-mulkiga yetkazilgan zararni qoplash haqidagi ishlar 155 tadan 159 taga (+ 4 ta);
  • noqonuniy javobgarlikka tortilganlik oqibatida yetkazilgan zararni undirishga oid nizolar 149 tadan 206 taga (+ 57 ta);
  • ota-ona ta’minoti uchun aliment undirishga oid ishlar 105 tadan 112 taga (+ 7);
  • mol-mulkni (ashyoni) egasiz deb topishga oid ishlar 62 tadan 72 taga (+ 10 ta);
  • hadya shartnomasiga doir ishlar 48 tadan 62 taga (+ 14 ta).

Tahliliy ma’lumotlardan ko‘rinadiki, 2022 yilda 2021 yilning shu davriga nisbatan sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlar soni asosan kredit, yerga oid va noqonuniy qurilmalarni buzish, uy-joy, sug‘urta shartnomasiga doir, nikohdan ajratish, oldi-sotdi shartnomasidan kelib chiqadigan nizolar hisobiga OSHGAN.

Mazkur ishlarning tahlili kredit shartnomalari bo‘yicha nizolar asosan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan fuqarolarga maishiy texnikalar qiymatini bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida realizasiya qilish haqidagi shartnomalarga to‘g‘ri kelishini, bank muassalaridan olingan kredit shartnomalari bo‘yicha majburiyatlar o‘tgan yillardagi epidemiologik vaziyat sababli aholi daromadining nisbatan kamayganligi va to‘lov qobiliyatining pasayganligi bilan bog‘liq ekanligini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, erga oid va noqonuniy qurilmalarni buzish bilan bog‘liq ishlar asosan fuqarolarning imorat qurish uchun belgilanmagan yer uchastkalarida ruxsatsiz bino-inshoot yoki uy-joy qurganliklari, zaxirada turgan bo‘sh yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallab olishlari hisobiga ko‘paygan, - deydi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Shuhrat ABBASOV.

Brifingda taqdim qilingan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, nikohdan ajratish haqidagi ishlar soni 2021 yilga nisbatan 7834 tadan 8247 ta (413 ta yoki 5,3 foiz)ga OSHGAN.

Bunda nikohdan ajratish qanoatlantirilgan arizalar soni 2021 yilda 3596 ta yoki 46 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda ushbu ko‘rsatkich 3727 ta yoki 45,0 foizni tashkil etgan.

Sudlarda oilalarni saqlab qolish maqsadida da’vosi rad etilgan, taraflar yarashganligi uchun ish yuritish tugatilgan va ko‘rmasdan qoldirilgan ishlar soni 2022 yilda ushbu toifada ko‘rilgan ishlarga nisbatan 4520 ta yoki 55,0 foizni (2021 yilda 4.238 ta yoki 54,0 foiz) tashkil etgan.

Shuningdek, oilalarni saqlab qolish borasida Oila va xotin-qizlar bo‘limlariga 101 ta xususiy ajrimlar chiqarilgan, 2500 tadan ortiq ishlar sayyor tartibda taraflar yashab kelayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini yoki Oila va xotin-qizlar bo‘limlari binosida mutaxassislar ishtirokida ko‘rib chiqilgan.

Nikohdan ajratish haqida ko‘rilgan 8247 ta ishning 4626 tasi (56,0 foizi) bo‘yicha ayollar, 3626 tasi (44,0 foizi) bo‘yicha erkaklar da’vogar sifatida sudga murojaat qilgan. Ayollarning da’vosi bo‘yicha ko‘rilgan ishlarning 2049 tasi yoki 44,3 foizi, erkaklar da’vosi bo‘yicha ko‘rilgan ishlarning 1678 tasi yoki 46,2 foizi qanoatlantirilgan.

Ushbu toifa ishlar Toshkent shahrining barcha tumanlari kesimida tahlil qilinganda:

  • Mirzo Ulug‘bek tumanida 972 tadan 990 taga,
  • Olmazorda 684 tadan 803 taga,
  • Uchtepada 700 tadan 795 taga,
  • Sergelida 439 tadan 609 taga,
  • Yangihayotda 276 tadan 361 taga,
  • Bektemir tumanida 152 tadan 194 taga OSHGANligini ko‘rish mumkin.

Shu bilan birga, mazkur toifa ishlar:

  • Yunusobod tumanida 1165 tadan 1163 taga,
  • Shayxontohur tumanida 1019 tadan 983 taga,
  • Yashnobod tumanida 891 tadan 875 taga,
  • Chilonzor tumanida 757 tadan 747 taga,
  • Mirobod tumanida 454 tadan 448 taga,
  • Yakkasaroy tumanida 325 tadan 279 taga KAMAYGANligini ta’kidlash joiz.

— Oilalarni saqlab qolish, bolalarni sog‘lom oila bag‘rida kamol topishi uchun shahar sudi tomonidan joylarda nikoh va oila masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvlar muntazam ravishda o‘tkazilib kelinmoqda, oilalarni yarashtirish choralarini ko‘rish maqsadida yarashtirish uchun muhlat tayinlangan va rad etilgan ishlar yuzasidan “Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash markaz”lariga xatlar yuborilmoqda. Shuningdek, oilalarni yarashtirish ishlarini yanada kuchaytirish maqsadida Oila va xotin qizlar davlat qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasining Toshkent shahar bo‘limi, Oila va oilani qo‘llab-quvvatlash Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlik qilish, joylarda sayyor uchrashuv va qabullar o‘tkazib borilmoqda. Bundan tashqari, Prezidentimizning 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-87-sonli Farmoni ijrosi yuzasidan oilaviy ajralishlarning oldini olishda mediatorlik instituti rolini kuchaytirish maqsadida huquqiy eksperiment tariqasida fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudida oilaviy ajralishlarga oid ishlarni ko‘rib chiquvchi maxsus xona tashkil etildi. Maqsad – oilaviy nizolarni sudga qadar hal etish, taraflarni yarashtirish yuzasidan mediativ suhbatlar o‘tkazish orqali oila mustahkamligini ta’minlashga erishish bo‘lib, bu ishlar o‘zining dastlabki ijobiy natijalarini bermoqda, - dedi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Shuhrat ABBASOV.

Ma’lumki, keyingi yillarda sudlar tomonidan asossiz jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarni reabilitasiya qilish maqsadida ko‘plab oqlov hukmlari qabul qilindi. Bu o‘z navbatida, fuqarolik huquqiy oqibatlarini ham keltirib chiqarmoqda.

Shu o‘rinda aytish lozimki, Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlari tomonidan 2022 yilda qonunga xilof tarzda jinoiy javobgarlikka tortish natijasida yetkazilgan zararni qoplash bilan bog‘liq 206 ta fuqarolik ishi ko‘rilgan. Shundan 165 tasi (79.6 foizi) qanoatlantirilgan, 20 ta (9.7 foiz) da’vo arizalarini qanoatlantirish rad etilgan, 18 ta (8.7 foiz) da’vo arizalari ko‘rmasdan qoldirilgan, 3 ta (1.5 foiz) fuqarolik ishi bo‘yicha ish yuritishdan tugatilgan.

Qanoatlantirilgan da’volar oqibatida fuqarolarga 11.834.637.440 so‘mlik moddiy va ma’naviy zararlar undirib berilgan.

Shuningdek, hisobot davrida sudlar tomonidan ko‘rilgan (73.178 ta) ishlarning 412 tasi (0.6 foizi)ni ishga tiklash haqidagi nizolar tashkil qilib, ushbu ko‘rsatkich 2021 yilga (447 ta) nisbatan 35 taga (7.8 foizga) kamayganligini ko‘rish mumkin.

Ko‘rilgan ishlarning 161 tasi (39.0 foizi) qanoatlantirilgan, 143 ta (34.7 foiz) da’vo talablarini qanoatlantirish rad qilingan, 42 ta (10.2 foiz) da’vo arizalar ko‘rmasdan qoldirilgan, 17 ta (4.1 foiz) ish yuritishdan tugatilgan.

ISHGA TIKLASh haqidagi ishlarning asosiy qismini:

  • Ichki ishlar vazirligi (53 ta),
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi (42 ta),
  • Davlat bojxona qo‘mitasi (28 ta),
  • tijorat banklari (20 ta),
  • Maktabgacha ta’lim vazirligi (12 ta),
  • Davlat soliq qo‘mitasi (10 ta),
  • Oliy va o‘pta maxsus ta’lim vazipligi (8 ta),
  • Xalq ta’limi vazirligi (6 ta),
  • xususiy sektor sub’ektlari (49 ta)ga nisbatan da’volar tashkil etgan.

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!