Toshkentda xitoylik erkakni tunagan qizlarga jazo tayinlandi
Inson atrofini o‘rab turgan tanishlari orasida dushmanim bor, degan shubhada yuradi. Holbuki, odamning eng zo‘r dushmani – o‘z nafsidir. Kishi tirik ekan, nafsi bilan kurashda mag‘lub bo‘lmasligi kerak. Nafs shunday g‘anim-ki, manmanlik va qaysarlik uning shioridir. Aksariyat hollarda bosqinchilik jinoyatini erkaklar sodir etgan bo‘lsa, bugungi voqeamiz qahramonlari “bosqinchi” ojizalar, ya’ni qizlardir. Ularni nafs girdobi o‘z domiga tortib,sudning qora kursisiga o‘tirishlariga sabab bo‘ldi.
Xitoylik erkakning puliga ko‘z olaytirishdi
Dilbar Xoliqova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) jinoiy sherigi, voyaga yetmagan Umida Akbarova bilan til biriktirib, xitoylik erkakning pullarini qo‘lga kiritishni maqsad qilishadi. Uning avtomashinasida ketayotganda Dilbar Xoliqova kuch ishlatgan holda bo‘ynidan ushlab, bir qo‘li bilan sirkaga botirilgan matoni yuziga bosadi. Ammo u kutgandek erkak hushidan ketishning o‘rniga mashinani to‘xtatib, qochib ketadi. Shundan keyin Dilbar Xoliqova va Umida Akbarovalar avtomashina yukxonasidan xitoylik erkakka tegishli bo‘lgan Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolik pasporti, haydovchilik guvohnomasi, ish guvohnomasi, 5.500 AQSh dollari, 2.000 Xitoy Yuani, 15.000 Rossiya rubli va bir dona flesh-kartasi bo‘lgan ko‘k rangli sumka (ryukzak)ni talon-toroj qilib, unga jami 61.577.000 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazib, voqea joyidan yashirinishadi. Bundan tashqari, Dilbar Xoliqova va Umida Akbarovalar xitoylik erkakka tegishli bo‘lgan fuqarolik pasporti, haydovchilik guvohnomasi va ish guvohnomasi bo‘lgan ko‘k rangli sumka (ryukzak)ni dalaga tashlab yuborib, ushbu hujjatlarni yo‘q qilishadi.
Do‘kondan “uksus” sotib oldi
Sudlanuvchi Dilbar Xoliqova oldingi bergan ko‘rsatmalarini tasdiqlashini ma’lum qildi. Umida Akbarovani ikki yildan buyon tanishi, jabrlanuvchining uyiga Umida bilan birga bormaganligini, uni telefon orqali chaqirishganligini, qo‘ng‘iroq qilgan payti u ayollar go‘zallik salonida bo‘lganligini aytdi. Umida Akbarova jabrlanuvchining uy manzilini “Telegram” ijtimoiy tarmog‘i orqali jo‘natib, shu manzilga borishini aytganligi, jabrlanuvchidan pullarni olib qo‘yish taklifi ham aynan undan chiqqanligini bildirdi. Shundan keyin do‘kondan “uksus” sotib olganligi, uning foiziga qaramaganligi, jinoyat sodir qilingandan keyin jabrlanuvchiga tegishli hujjatlar sumka ichida ekanligini ko‘rmaganligi va buni oldindan bilmaganligi, sumkani ochib ko‘rmaganligi va qo‘li bilan pullarni olmaganligi to‘g‘risida ko‘rsatuv berdi.
“Hammasi Oybekning ko‘rsatmasi bilan bo‘ldi”
Sudda guvoh tariqasida so‘ralgan voyaga yetmagan Umida Akbarovaning ma’lum qilishicha, bosqinchilik qilish fikri Dilbar Xoliqovaning yigiti “Oybek”dan chiqqan. U har doim xitoylik erkakning uyini tozalash uchun bir o‘zi borganligini, o‘sha kuni ishi ko‘payib ketganidan Dilbar Xoliqovani chaqirganini aytdi. Ular birgalikda besh xonali uyni tozalaganlaridan so‘ng erkak xizmat haqi sifatida ularning har biriga 100 AQSh dollaridan pul berganligini ma’lum qildi. Shundan keyin xitoylik erkakda pul ko‘pligini ko‘rib, ularni qo‘lga kiritish maqsadida “Oybek”ning ko‘rsatmasi bilan Dilbar Xoliqova do‘konga kirib, “uksus” sotib olganligini, aynan u erkakning yuziga sirkali matoni bosgani va sumkani olganini bildirdi.
Hukm o‘qildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida sudya Timur Kasimov raisligida ko‘rilgan mazkur jinoyat ishida Dilbar Xoliqova JKning 164-moddasi 2-kismi “a,b,v” bandlari, 227-moddasi 2-qismi “a” bandi va 127-moddasi 3-qismi bilan aybdor deb topildi. JKning 59,61-moddalari tartibida, tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tashlik uchun 4 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Umida Akbarova JKning 164-moddasi 2-kismi “a,b,v” bandlari va 227-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topildi. JKning 62-moddasi tartibida uzil-kesil o‘tashlik uchun 1 yil 8 oy 24 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Jabrlanuvchi foydasiga 10.651.000 so‘m moddiy zarar undirilishi belgilandi.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyasiya instansiyasining ajrimiga ko‘ra, Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yakkasaroy tuman sudi hukmining Dilbar Xoliqovaga nisbatan qismi o‘zgarishsiz, apellyasiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirildi.
Hamidjon Shamshiyev, Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi,
Lola Shoimova, jurnalist.