Toshkentda Xalqaro kiberxavfsizlik sammiti bo‘lib o‘tadi
Joriy yilning 9-10 oktyabr kunlari Toshkent shahrida “Kiberxavfsizlik sammiti – Markaziy Yevroosiyo, CSS 2024” II Xalqaro kiberxavfsizlik sammiti bo‘lib o‘tadi.
Tadbirda 30 dan ortiq mamlakatdan 60 ga yaqin kompaniya, 120 dan ortiq delegatlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Bundan tashqari kibermakonda malakali mutaxassis, xaker Jeyson Street ham o‘z taqdimoti bilan ishtirok etadi.
“CSS-2024” kiberxavfsizlik sammitining asosiy maqsadi mintaqaviy kiberhamjamiyat uchun o‘zaro tajriba almashish, zamonaviy yechimlarni namoyish etish, eng muhimi, o‘zaro manfaatli asosda yangi imkoniyatlarni ochish uchun yuqori darajadagi xalqaro interaktiv platforma yaratishdan iborat.
“CSS-2024” ikki kunlik tadbir bo‘lib, dastlabki kun tartibidan Markaziy Yevroosiyo davlatlaridan kelgan malakali ekspertlari sohaning hozirgi holati hamda undagi muammolarning samarali yechimi haqida fikr yuritadi.
Sammit dasturi doirasida yalpi muhokamalar, taqdimot sessiyalari, ko‘rgazma maydoni va bir qator qiziqarli tarmoq tadbirlariga to‘la bo‘lib, barcha ishtirokchilarga texnologiyalar va yechimlarni samarali va foydali tarzda namoyish etish hamda yangi biznes aloqalarini yaratish imkonini beradi.
Sammitning yuqori darajali qaror qabul qiluvchilar, kiberxavfsizlik bo‘yicha ekspertlari auditoriyasi dinamik global xavfxatar manzarasini va mintaqa mamlakatlariga raqamlashtirish orqali taqdim etilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy imtiyozlardan to‘liq foydalanishda qanday yordam berishi mumkinligini o‘rganadi.
Sammitning umumiy mavzusi raqamli dunyoda kiberxavfsizlikning ahamiyati: yechimlar, tahdidlar va hamkorlik, muhim infratuzilma va biznes aktivlarini himoya qilishga qaratilgan. Bu yilgi sammitda 60 ga yaqin ma’ruzachilar o‘z kompaniyalari va takliflarini taqdim etadilar.
Ta’kidlash joizki, “Kiberxavfsizlik markazi” DUKning so‘nggi yillarda mamlakatimiz kiberxavfsizligi sohasida amalga oshirgan sa’y-harakatlari natijasida, Xalqaro Elektraloqa Ittifoqi tomonidan davriy o‘tkaziladigan “Global Cybersecurity Index 2024” kiberxavfsizlik indeksida O‘zbekiston +18.09 ballga yuqorilab, 89,2 ball ko‘rsatgichga erishdi va Rossiya, Qozog‘iston, Azarbayjon davlatlari darajasiga yetib oldi. 2020 yilda e’lon qilingan hisobotda O‘zbekiston 71,11 ball ko‘rsatkichni qayd etgan edi.
Shu bilan birga, yoshlarga oid davlat siyosati doirasida kiberxavfsizlik, axborot texnologiyalari, dasturlash va robototexnika yo‘nalishlarida yoshlarni shakllantirish va ularning intellektual va ijodiy yo‘nalishdagi salohiyatini kamol toptirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida “Kiberxavfsizlik markazi” DUK tashabbusi bilan 14 – 30 yoshdagi shaxslarni jalb qilgan holda “Cyberkent 2.0” musobaqalari tashkil etildi.