Toshkentda narkolaboratoriya ochgan yirik jinoiy guruh fosh etildi
Toshkentda narkolaboratoriya ochgan yirik jinoiy guruh fosh etildi.
IIV Tezkor qidiruv departamenti, Toshkent shahar IIBB hamda DXX tomonidan giyohvandlik moddalari va kuchli ta’sir qiluvchi vositalarning savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh qo‘lga olinib, yirik narkolaboratoriyalar fosh etildi.
Ushbu jinoiy guruh a’zolari jinoiy faoliyat olib borish maqsadida vazifalarni o‘zaro taqsimlab olishgan.
Jumladan, 2000 yilda tug‘ilgan SH.U.«ombor mudiri», 2000 yilda tug‘ilgan O.M., 2000 y.t. O.T.lar «laborant», 2004 yilda tug‘ilgan SH.O‘. «qadoqlovchi» vazifalarini bajarishgan.
Tayyorlangan kuchli ta’sir qiluvchi vositalarni aholi orasida, ta’lim muassasalari oldida tarqatish maqsadida «tarqatuvchi»larni («zakladchiklar») yollashgan. Shuningdek, ijtimoiy tarmoq platformasida onlayn narkodo‘kon ochishgan.
Narkolaboratoriya tashkil qilish maqsadida jinoiy guruh a’zolari ikkita xonadonni ijaraga olgan. Ushbu xonadonlarda kuchli ta’sir qiluvchi vositalarni qadoqlash uchun zarar bo‘lgan asbob-anjomlar, kapsulalar, kukun ko‘rinishidagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, prekursorlarni saqlashgan.
Hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-tadbirlar davomida «tarqatuvchi» vazifasini bajargan shaxslar: 1993 yilda tug‘ilgan V.A., 2003 yilda tug‘ilgan D.YU., 2004 yilda tug‘ilgan I.R.lar ushlangan. Xolislar ishtirokida tekshirilganda ularning yonidan jami 1 050 dona kuchli ta’sir qiluvchi vositalar, telefon apparatlari aniqlangan va dalolatnoma asosida rasmiylashtirib olingan.
Toshkent viloyatida davom ettirilgan tezkor tadbirda SH.O‘., SH.U., O.M.lar ijarada yashab kelgan xonadonda tintuv tergov harakati o‘tkazilgan. Xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan ushbu xonadonda 9 kg «Pregabalin», 500 gramm )«Tropikamid» moddalari, 600 dona kapsuladagi «Pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari, qadoqlash uchun zarur asbob-anjomlar daliliy ashyolar tariqasida olingan.
Shuningdek, Olmaliq shahrida O.T. ijarada yashayotgan xonadon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda 6 kg «Pregabalin», 500 gramm «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi moddalar hamda qadoqlash uchun zarur asbob-anjomlar aniqlanib, bayonnoma asosida rasmiylashtirib olindi.
Mazkur shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251-prim.1-moddasi («Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoiy guruh a’zolariga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining sa’y-harakatlari bilan 360 mingdan ortiq bir marotabalik dozaga teng bo‘lgan kuchli ta’sir qiluvchi vositalarining aholi orasida tarqalishi oldi olindi.
