Toshkent xalqaro aeroportida yangi kargo terminalini quriladi

Toshkent xalqaro aeroportida yangi kargo terminalini quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 aprel kuni transport va qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Davlatimizning faol tashqi siyosati tufayli xalqaro aloqalar kengayib bormoqda. Toshkent ishbilarmonlik va turizm markaziga aylanmoqda. Shu bois transport infratuzilmasini rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratilayotir.

So‘nggi yillarda Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti modernizasiya qilinib, yo‘lovchilarga sharoit yaxshilandi. Xizmat turlari, ro‘yxatdan o‘tkazish va samolyotga chiqish yo‘laklari ko‘paytirildi. Umuman, uch yillik rekonstruksiya ishlari natijasida poytaxt aeroportining jo‘nab ketish terminali maydoni 56 ming kvadrat metrdan 80 ming kvadrat metrgacha kengaydi.

Toshkent xalqaro aeroportida yangi kargo terminalini quriladi

Hozirgi kunda aeroportdagi uchib ketish terminali rekonstruksiya qilinmoqda. Bu uch bosqichda amalga oshirilib, ro‘yxatdan o‘tkazish, bojxona va xavfsizlik imkoniyatlari kengaytiriladi. Natijada yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 1 ming 200 kishidan 2 ming 400 nafarga yetadi.

Shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida yangi kargo terminalini qurish rejalashtirilgan. Buning samarasida yuklarga sifatli xizmat ko‘rsatish quvvati 300 tonnaga yetadi.

Ma’lumki, 2022 yil 29 avgustda Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishiga poydevor qo‘yilgan edi. U yerda ko‘p qavatli uylar, maktab va bog‘chalar, sport va madaniyat markazlari, xiyobonlar, texnopark va boshqa majmualar barpo etiladi. Xususan, shaharcha markazida Al-Xorazmiy universiteti quriladi.

Loyihaga ko‘ra, bu oliygohda matematika va tabiiy fanlar, informatika, muhandislik fakultetlari bo‘ladi, 4 ming talaba ta’lim oladi. Universitet qoshida iste’dodli bolalar uchun ixtisoslashgan maktab ham bo‘ladi. Shu tariqa, bu yerda o‘qish, ilm-fan va ishlab chiqarish integrasiyasi yo‘lga qo‘yilib, ta’lim klasteri yaratiladi.

Toshkent xalqaro aeroportida yangi kargo terminalini quriladi

Taqdimotda universitet konsepsiyasini boyitish bo‘yicha fikr almashildi. Yoshlarning tadqiqotlari uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, startap loyihalarini tijoratlashtirish, raqamli texnologiyalar va kibersport yo‘nalishlarini joriy qilish muhimligi ta’kidlandi.

Yana bir mutafakkir bobomiz Abu Rayhon Beruniy ham xalqimizning faxru g‘ururi. Uning hayot yo‘llari, jahon ilm-faniga qo‘shgan beqiyos hissasini ulug‘lash maqsadida, Prezidentimiz tashabbusi bilan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumani markazida muzey tashkil etish rejalashtirilgan. U ikki qavatli bo‘lib, eng ilg‘or qurilmalar bilan jihozlanishi, interfaol usullar qo‘llanilishi mo‘ljallangan. Muzey oldidagi xiyobonda Beruniyning muazzam haykali o‘rnatiladi.

Taqdimotda mazkur loyihalar bo‘yicha bir nechta takliflar ko‘rib chiqildi. Mutasaddilarga loyihalarni takomillashtirish, qulayliklarni oshirish va sifatli qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!