Toshkent viloyatida yangi masjid ochildi

Toshkent viloyatida yangi masjid ochildi

16 mart Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi "Hazrati Bilol" masjidi yangi binosining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Musulmonlar diniy idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qur’oni karim tilovati bilan boshlangan tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov, tumanlar imomlari, nuroniy otaxonlar, mahalla faollari, homiylar ishtirok etdi.

Homidjon domlaning mav’izalari yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi.

– Masjidimiz ancha yillar oldin chegara hududida joylashgan edi. Binosi ham eski, ko‘rimsiz bo‘lib qolgandi, – deydi "Hazrati Bilol" masjidi imom-xatibi Muxtor Abdujalilov. – Shu bois bu jome "snos"ga tushdi. Rahbarlar bilan maslahatlashib, masjidimizni "Xiyobon" mahallasi hududiga ko‘chirdik va u yerdagi mahalliy masjid o‘rnida zamonaviy, barcha qulayliklarga ega yangi jome qad rostladi. Ayni paytda masjidimiz xonaqohida 1,2 ming kishi bemalol ibodatlarni ado etishi mumkin. 25 metrlik minora va 15 metrlik gumbaz yaqin atrofdan o‘tadigan mo‘min-musulmonlarga mayoq vazifasini o‘taydi. 40 o‘rinli tahoratxona esa ibodatdan avval poklanib olishimiz uchun ayni muddaodir.

Endilikda "Xiyobon" mahallasi namozxonlari mamnun. Chunki ular bu yilgi Ramazonni, tarovehlarni go‘zal masjidda ado etadilar.

Allohning bayti obod bo‘lishiga hissa qo‘shgan barcha azizlarimizdan Yaratgan rozi bo‘lsin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!