Toshkent shahar sudi tomonidan tadbirkorga 55 172 254 so‘m undirib berildi

Toshkent shahar sudi tomonidan tadbirkorga 55 172 254 so‘m undirib berildi

Gap shundaki, da’vogar “TRANSFER TAXI” MCHJ Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, javobgar “Xalq Sug’urta” AJ hisobidan 55 172 254 so‘m sug‘urta tovonini undirishni so‘ragan.

Da’vogar va javobgar o‘rtasida 2017 va 2018 yillarda tuzilgan “garovga ko‘yilayotgan tansport vositalarini sug‘urtalash” shartnomasiga asosan 3 ta “Kobalt” transport vositalari sug‘urtalangan.

Yuqorida qayd etilgan transport vositalari YTH natijasida zarar ko‘rgan. Jumladan, transport vositasidan biri 2020 yil 10 oktyabr kuni, yana biri 2020 yil 13 oktyabr kuni va uchinchisi 2021 yil 20 iyul kunlari YTHga uchragan. Mazkur holatlar bo‘yicha da’vogar sug‘urta tovonini to‘lab berishni so‘rab, javobgarga yozma ravishda murojaat qilgan.

Javobgar 2021 yil 2 avgustdagi xat bilan “Kobalt” rusumli transport vositasi bilan sodir bo‘lgan YTX to‘g‘risida sug‘urta tashkilotiga kech xabar berilgani, sug‘urta shartnomasining 8.3-bandiga ko‘ra 3 kundan kechiktirmay xabar berish kerakligi, bu hodisa to‘g‘risida esa 9 oydan so‘ng xabar berilgani sababli sodir bo‘lgan voqea sug‘urta hodisasi hisoblanmasligini vaj qilib, sug‘urta tovonini to‘lashni rad etgan.

Bundan tashqari, javobgar 2022 yil 24 fevraldagi xatda ham “Kobalt” bilan sodir bo‘lgan YTH to‘g‘risida sug‘urta tashkilotiga kech – 1,5 oydan so‘ng xabar berilganlini sababli sodir bo‘lgan voqea sug‘urta hodisasi hisoblanmasligini vaj qilib sug‘urta tovonini to‘lashni rad etgan.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2022 yil 16 iyuldagi hal qiluv qarori bilan da’vogarning da’vo arizasi to‘liq qanoatlantirilgan. Javobgar hisobidan da’vogar foydasiga 55 172 254 so‘m sug‘urta tovonini va 24 000 so‘m pochta xarajatlari, respublika byudjetiga 1 103 445,08 so‘m davlat boji undirilgan.

Javobgar mazkur sud hujjatidan norozi bo‘lib, uning ustidan apellyasiya shikoyati bergan. Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 2022 yil 14 sentyabrdagi qarori bilan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2022 yil 16 iyuldagi hal qiluv qarori o‘zgarishsiz, apellyasiya shikoyati esa qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Sud tomonidan huquqlari yana bir bor tiklangan tadbirkor Toshkent shahar sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga o‘z minnatdorligini bildirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!