Toshkent shahar bojxona boshqarmasi 4 oyda 1224 ta huquqbuzarlik holatlarini aniqladi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi 4 oyda 1224 ta huquqbuzarlik holatlarini aniqladi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tomonidan huquqbuzarliklarning oldini olish va aniqlash yuzasidan keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2022 yilning yanvar-aprel oylari davomida 1224 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, ular bo‘yicha 88,7 mlrd. so‘mlik tovarlar olib qo‘yilgan.

Mazkur yo‘nalishda olib borilgan ishlar tahlil qilinganida, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan huquqbuzarlik holatlari 246 taga ortgan. Huquqbuzarliklarni asosiy qismi tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi huquqbuzarliklar ekanligini ko‘rishimiz mumkin. Huquqbuzarliklar esa asosan bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan sodir etilgan.

Shu maqsadda, Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Surishtiruv va ma’muriy amaliyot bo‘limi xodimlari tomonidan “Toshkent-tovar”, “Arkbuloq”, “Sirg‘ali” va “Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlarida huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan o‘quv seminarlari tashkil etildi.

O‘quv seminarlari davomida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassislar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning soni tobora ortib borayotganligi ta’kidlanib, xato va kamchiliklarni bartaraf etish, kelgusida ularni oldini olish bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, seminar ishtirokchilariga tovar va transport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarida biror bir noqonuniy faoliyatga undash holatlari kuzatilganida Davlat bojxona qo‘mitasining 11-08 hamda Toshkent shahar bojxona boshqarmasining 71-207-09-39 telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishi mumkinligi yana bir bor ishtirokchilar e’tiboriga yetkazildi.

Muzaffar Todjimamatov,

Surishtiruv va ma’muriy amaliyot bo‘limi boshlig‘i


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!