Tolibon gender diskriminasiyasi uchun Xalqaro Sud tomonidan javobgarlikka tortiladi
Afg‘onistonga xalqaro sud muhokamalaridan oldin olti oy muhlat beriladi, deb yozadi The Guardian.
Kanada, Avstraliya, Germaniya va Niderlandiya chorshanba kuni Tolibonni gender diskriminasiyasi yuzasidan Xalqaro sudga topshirishga qaror qildi. Bu haqda ayni paytda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tayotgan BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasida ma’lum qilindi.
Ish BMT tomonidan 1979 yilda qabul qilingan va 1981 yilda kuchga kirgan Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya asosida qo‘zg‘atilgan. Afg‘oniston Konvensiyani 2003 yilda, 2021 yilda Tolibon hokimiyatga kelishidan oldin ratifikasiya qilgan.
Mutaxassislarning fikricha, bu qadam mamlakatlarning Afg‘oniston rahbariyati bilan diplomatik aloqalar o‘rnatishiga yo‘l ochishi, ikkinchi tomondan, inson huquqlari buzilgani uchun ularni javobgarlikka tortishi mumkin.
Misli ko‘rilmagan qonuniy harakat Afg‘onistonga javob berish uchun olti oy vaqt beradi. Ungacha xalqaro sud tinglovlar o‘tkazib, vaqtinchalik choralar ko‘rishni taklif qilishi mumkin. Huquqshunoslar fikricha, agar Tolibon sud qarorini e’tiborsiz qoldirsa, Xalqaro sud qarori boshqa davlatlarga Afg‘oniston rejimi bilan diplomatik munosabatlarni normallashtirishga imkon bermaydi. Xalqaro Sudni imzolagan davlatlar odatda uning qarorlarini bajarishga majburdirlar.
Eslatib o‘tamiz, da’voni uch ayol tashqi ishlar vaziri qo‘llab-quvvatlagan: avstraliyalik Penni Vong, germaniyalik Annalena Berbok va kanadalik Melani Joli. Niderlandiya tashqi ishlar vaziri Kaspar Veldkamp ham bu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.