Tojikistonda harbiy xizmat yoshidagi yigitlar armiyaga o‘g‘rilab olib ketilyapti (video)

Tojikistonda harbiy xizmat yoshidagi yigitlar armiyaga o‘g‘rilab olib ketilyapti (video)

Huquq himoyachilariga ko‘ra, Tojikistonda chaqiriq yoshidagi yigitlarni armiyada xizmat qilishi uchun o‘g‘rilab ketish holatlari bo‘yicha shikoyatlar soni ortib bormoqda.

"Sof.uz"ga ko‘ra, Rudakiy tumani yashovchisi Nasimjon Qosimovni 9 noyabr, u 18 yoshga to‘lgan kuni majburan tutib armiyaga olib ketishgan. Uning kichik ukasi Naimjonga ko‘ra ertalab soat sakkizda xonadon eshigini buzib kirganlar shkafdagi kiyimlarni titib, mebelni ag‘darib tashlashgan. Nasimjon deraza orqali qo‘shninikiga qochib o‘tib, uyning yerto‘lasida yashirinishga ulgurgan. Ularning onasi Gulbahor esa bu vaqtda ishda bo‘lgan.

“Ular mahalla vakiliga uyning yerto‘lasini tintishlari kerakligini aytishdi. Keyin akamni topib, sochidan sudrab olib chiqishdi. Ularning biri milisioner edi”, deydi yigitning ukasi Naimjon.

Qo‘shnilarga ko‘ra Nasimjonni ushlashganidan keyin uni deyarli yalang‘och qilib yechintirib, mashinaga bosib olib ketishgan. “Sudrab olib ketishdi. U: “Qo‘yvoringlar, o‘zim boraman”, deb qichqirdi. Ammo uni ko‘kragi bilan yerda sudrab olib ketishdi. Yo‘lakdan chiqmaganim uchun uyog‘ini ko‘rmadim”, deydi Qosimovlarning qo‘shnisi Mehrangez.

Mahalladagilarning aytishicha, Nasimjonni olib ketish uchun mahalla raisi va milisiya boshliqlari kelgan. Uni ushlab ketishganidan bir necha kun o‘tib, yaqinlariga u allaqachon armiyada, chegara qo‘shinlarida xizmat qilayotganini aytishgan.

“Rasmiylar uyga kelib uning qo‘liga chaqiriq qog‘ozini berishganini aytishdi. Qiziq savol tug‘iladi. Qachon berishdi? Eshikni qachon buzishdi? Qachon xuddi bir terrorchini qidirgandek uyini tintuv qilishdi? Qachon uni yo‘lakka sudrab chiqishdi?” – deydi Qosimovlarning yaqinlaridan Albina Satayeva.

Mutaxassislarga ko‘ra, Nasimjon Qosimovning uyida “tintuv” o‘tkazganlar Jinoyat kodeksining bir nechta moddalarini buzishgan. “U haqiqatdan ham harbiy xizmatga chaqirilganmidi? Ya’ni, chaqiriq yoshiga yetganmidi? Men uning pasportini ko‘rdim. U yerda 2001 yil 9 noyabrda tug‘ilgani yozilgan. Harbiy xizmatga chaqirish muddati esa aynan shu kunning ertasidan boshlab hisoblanishi kerak. Ya’ni, 9 noyabrdan 10 noyabrga o‘tar kechasi, tungi 12 dan keyin. Shunda bu yigit 9 noyabr kuni hali chaqiriq yoshiga yetmagan bo‘lib chiqadi. Uni ushlab ketishganida hali 18 ga to‘lmagan edi”, deydi huquq himoyachisi Dilshod Jo‘rayev.

Mahalliy hokimiyat esa hech qanday qonunni buzmaganligini aytyapti. “Hozirgi vaqt” (Nastoyashego Vremeni) nashri jurnalistlari mahalla idorasi xodimlarini ish joyida topa olmadi.

Huquq himoyachilarining so‘zlariga ko‘ra “tintuv” haqidagi shikoyatlar bu yil avvalgiga nisbatan ancha ortgan. “O‘tgan yili 40-50% edi. Bu yil esa murojaatlarning 80%i harbiy xizmatga noqonuniy chaqirilish bilan bog‘liq”, deydi “Fuqaroviy erkinliklar idorasi” xodimi Dilrabo Samadova.

Mudofaa vazirligi “tintuv” holatlarini rad etadi va agar shunday ish sodir bo‘lsa, yashash joyidagi harbiy xizmatga chaqiriq komissiyasiga murojaat qilish kerakligini aytadi. “Shikoyat va murojaatlarni har bir tumandagi chaqiriq komissiyasi vakillari ko‘rib chiqadi. Hozirgi kunda chaqiriq rejasi 90%ga bajarilgan. Badaxshon viloyati rejani 10%, Dushanbe esa 110% ortig‘i bilan bajardi. Xatlon, So‘g‘d viloyatlari va respublikaga bo‘ysunuvchi tumanlarning har biri rejani 90%ga bajardi”, deydi Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Orif Nozimov.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!