Tibbiy faoliyat bilan lisenziyasiz shug‘ullanish javobgarlikka sabab bo‘ladi
Tibbiyotda xususiy sektor ulushi ortishidan davlat ham, aholi ham, tadbirkorlar ham manfaatdor. Shu sababli bu sohaga katta imtiyozlar berilmoqda.
Biroq bunday imkoniyatlardan foydalanishda, avvalo, qonun talablariga qat’iy amal qilinishi shart! Aks holda, buning uchun javobgarlik choralari belilangan. Sog‘liqni saqlash vazirligi vakolatli organ sifatida mazkur sohada doimiy nazorat ishlarini olib bormoqda.
Ana shunday o‘rganishlardan birida “INTERMED INNOVATION” MCHJ tomonidan Toshkent viloyati, Chirchiq shahrida joylashgan 3-son oilaviy poliklinika binosida lisenziyasiz tibbiy faoliyat olib borilgani aniqlangan.
Shundan so‘ng mazkur MCHJga moliyaviy jarima belgilanib, vazirlikning bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalardan iborat qarori qabul qilingan.
Ammo “INTERMED INNOVATION” ushbu talablarni bajarmay, boshqa qator manzillarda ham o‘z noqonuniy faoliyatini lisenziya olmasdan davom ettirib kelgan.
Oqibatda Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga “INTERMED INNOVATION” MCHJga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun 2021 yil 18 fevral kuni berilgan 043023-sonli lisenziyani bekor qilish va 90 million so‘m jarima undirishni so‘rab ariza kiritgan.
2023 yil 4 may kuni sud bu talablarni qanoatlantirish haqida hal qiluv qarori qabul qilgan. O‘z navbatida, bu qarordan norozi bo‘lgan javobgar — “INTERMED INNOVATION” Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudi (iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati) ga Apellyasiya shikoyati kiritgan.
Biroq mazkur apellyasiya shikoyati qanoatlantirishdan rad etilgan va Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan hamda shu yil 31 may kunidan qonuniy kuchga kirgan.
— Shundan kelib chiqib, “INTERMED INNOVATION” MCHJga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun 2021 yil 18 fevralda berilgan lisenziya rasman bekor qilinganini ma’lum qilamiz, — deydi vazirlik boshqarma boshlig‘i Jaloliddin Asamutdinov. — Bu haqda Adliya vazirligining “Lisenziya” axborot tizimi orqali reestrga tegishli yozuv kiritilgan.