«The Marco Polo Drive of Peace» xalqaro ekspedisiyasi ishtirokchilari Xorazm va Buxoroning turistik salohiyati bilan tanishdilar
O‘zbekiston bo‘ylab safarini davom ettirayotgan «The Marco Polo Drive of Peace» xalqaro elektromobillar ekspedisiyasi ishtirokchilari Xorazm va Buxoro viloyatlariga tashrif buyurib, hududlarning boy tarixiy-madaniy merosi hamda zamonaviy turistik salohiyati bilan yaqindan tanishdilar.
Xorazm viloyatida ekspedisiya ishtirokchilari UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xiva shahrida bo‘lib, me’moriy yodgorliklar, muzeylar va boshqa diqqatga sazovor turizm ob’ektlarini ziyorat qildilar. Shuningdek, ular hududning milliy an’analari, hunarmandchiligi va o‘ziga xos madaniyati bilan tanishdilar.
Shundan so‘ng ekspedisiya yo‘nalishi Buxoro viloyatida davom etdi. Bu yerda xorijiy mehmonlar dunyoga mashhur tarixiy obidalar, zamonaviy turizm majmualari, joylashtirish vositalari hamda boshqa turistik maskanlarni ko‘zdan kechirdilar. Bu ularga hududning boy madaniy merosi va sayyohlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida to‘liq tasavvur hosil qilish imkonini berdi.
Tashrif davomida ekspedisiya ishtirokchilari O‘zbekistonda turizm infratuzilmasining rivojlanishi, yangi turistik loyihalar hamda xorijiy sayyohlar uchun yaratilgan qulay va xavfsiz sayohat sharoitlari bilan ham tanishdilar.
Xorazm va Buxoroga tashrif yakunlari bo‘yicha xalqaro ekspedisiya vakillari madaniy meros ob’ektlarining yuqori darajada asrab-avaylanayotgani, mahalliy aholining mehmondo‘stligi hamda O‘zbekistonning madaniy-ma’rifiy, ekologik va avtoturizmni rivojlantirish borasidagi ulkan salohiyatini alohida e’tirof etdilar.
