Telegram’ga ikki tomonlama himoya qo‘ymagan akkaunt — firibgarlar uchun tayyor ochiq eshik!
Telegram messenjeri misolida aytish mumkinki, firibgarlar qo‘ng‘iroq qilib “kodni ayting” demaydigan davr boshlandi. Endilikda ular kodni o‘zlari olishga urinishyapti va buning juda ko‘p yo‘llarini o‘ylab topishmoqda. Ko‘p holatlarda aynan shu bosqichda muammo yuzaga kelmoqda, akkaunt nazoratdan chiqmoqda.
Nima qilish kerak?
Telegram’da ikki tomonlama himoya yoqib, murakkab va esdan chiqmaydigan parol o‘rnatish xavfsizlikni bir necha barobarga oshiradi. Albatta, bu ham akkauntni 100% himoyalaydi, deb hech kim kafolat bermaydi, ammo xavfni keskin kamaytiradi.
Telegram akkauntga kirish uchun keladigan kod — kalit. Ko‘pchilik bu bosqichda oson “taslim” bo‘lyapti. Agar bu “kalit” boshqalarning qo‘liga tushgan taqdirda ham, ikki tomonlama himoyadan osonlikcha o‘tib ketib bo‘lmaydi. Ikki tomonlama himoya — bu uydagi seyf kabidir.
Qisqacha aytganda, nafaqat Telegram messenjerida, balki Instagram, Facebook kabi boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham har ehtimolga qarshi ikki tomonlama himoyani yoqib qo‘yish hech qachon zarar qilmaydi. Nari borsa bir necha daqiqa vaqt ketadi. Himoya oshadi, xavf kamayadi
Ikki tomonlama himoya yoqildi. Keyin-chi?
Parolni inson o‘zining xotirasidan boshqa joyda saqlamasligi lozim. Faol seanslarni tekshirib turish, telefonga turli ilovalarni o‘rnatmaslik, har xil linklarga bosmaslik har doim muhim.
