Tanzila Norboyeva YEIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili bilan uchrashdi

Tanzila Norboyeva YEIning Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili bilan uchrashdi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Yevropa ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala hamda YEIning terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Ilkka Salmi bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi ma’lumotiga ko‘ra, muloqot davomida mamlakatimizning YEI bilan munosabatlarining turli yo‘nalishlari, xususan parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Senat raisi O‘zbekiston va YEI o‘rtasida keyingi yillarda turli darajadagi muloqot faollashganini ta’kidlab, YEI delegasiyalari, xususan, Yevropa Kengashi, YEI komissiyasi va Yevropa parlamenti vakillarining O‘zbekistonga amaliy tashriflari, mamlakatimiz hukumati va parlamenti vakillarining esa Yevropa ittifoqiga tashriflari amalga oshirilayotganini alohida qayd etdi.

– Biz O‘zbekiston va Yevropa parlamenti o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishda kuzatilayotgan ijobiy dinamikani davom ettirish tarafdorimiz. Bu borada «O‘zbekiston – YEI» Parlament hamkorligi qo‘mitasi doirasida tashkil etilgan muloqot muhim o‘rin tutadi, – deya ta’kidladi Tanzila Norboyeva.

O‘z navbatida Terxi Xakala samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston «EI – Markaziy Osiyo» formatida faol ishtirok etayotgani, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, YEIning yetakchi kompaniyalarini O‘zbekistonga jalb etishga katta ahamiyat berilishini bildirdi.

– YEI O‘zbekistonda kechayotgan tub demokratik yangilanishlarni to‘la qo‘llab quvvatlaydi va bu borada O‘zbekistonning barcha sohalarda xalqaro umume’tirof etilgan prinsiplarga sodiqligini olqishlaydi. «EI – O‘zbekiston» muloqotini amaliy mazmun bilan yanada boyitish tarafdorimiz, – deya ta’kidladi Terxi Xakala.

Uchrashuv yakunida muhokama etilgan masalalar bo‘yicha hamkorlikni yanada kuchaytirishga kelishib olindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!