Suriyadan qaytarilgan ayollar va bolalarga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar berildi

Suriyadan qaytarilgan ayollar va bolalarga shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar berildi

11 iyun kuni Suriyadagi qurolli to‘qnashuvlar hududidan qaytarilgan 156 nafar ayollar va bolalarga pasport hamda tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar taqdim etildi. Bu haqda «Daryo» muxbiri Sevara Nishonova xabar berdi.

Sog‘lomlashtirish muassasida bo‘lib o‘tgan tantanli marosimda Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, viloyatlar xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, respublika ma’naviyat va marifat markazi vakillari, OAV xodimlari ishtirok etdi.

Fuqarolik pasportini olgan 47 nafar ayol va tug‘ilgan haqidagi guvohnoma topshirilgan 109 nafar bolalar bugun, 12 iyun kuni sog‘lomlashtirish muassasidan uylariga kuzatib qo‘yildi.

Qurolli to‘qnashuvlar hududidan qaytarilgan ayollar pasportlarini olar ekan, ko‘rsatilayotgan mehr va e’tibor uchun O‘zbekiston Prezidentiga minnatdorchilik bildirdi.

«Bizga ko‘rsatilayotgan mehr, hurmat-ehtiromdan boshimiz ko‘kka yetdi. Prezidentimizga katta rahmat. Boshqa yurtdoshlarimizdan biz qilgan xatolarni takrorlamasliklarini so‘rardik», — deydi pasport olgan ayollardan biri.

«Muhtaram yurtboshimizning tashabbuslariga ko‘ra, bugun Suriyadan keltirilgan fuqarolarga katta yordam ko‘rsatilmoqda.

Ular uylariga kuzatilganidan so‘ng ular qolgan barcha O‘zbekiston fuqarolari singari qonunchilikda ko‘zda tutilgan ijtimoiy nafaqa va moddiy yordamlarni oladi. Ikki hafta davomida fuqarolar bilan malakali sosiologlar va psixologlar ishladi.

Bundan tashqari Yunisef va BMTning yuqori malakali chet ellik mutaxassislarni jalb qilgan holda ularga juda katta psixologik va sosiologik yordam ko‘rsatildi. Mutaxassislar ularning uyga qaytishga tayyorligi haqida tavsiya berdi. Ular jamiyatga qaytishga va ijtimoiy integrasiya qilinishga tayyorligi haqida xulosa qilindi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar bu bilan to‘xtab qolmaydi. Fuqarolar yashaydigan hududa, har bir viloyat va tumanda maxsus guruhlar tashkil etganmiz. Guruh tarkibiga Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, xotin-qizlar qo‘mitasi, din ishlari qo‘mitasi, sosiologlar va psixologlar kiritilgan.

Suriyadan qaytarilgan bog‘cha yoshidagi bolalar maktabgacha ta’lim muassasalariga joylashtiriladi, maktab yoshidagilari esa hozir ta’til paytida maktabda ta’lim olishga tayyorlanadi.

Fuqarolarning qanday kasb yoki hunarga ega ekanligi o‘rganildi. Ular bilan mehnat vazirligi vakillari suhbatda bo‘ldi. Hozirda ularning malakasi, qiziqishi yuzasidan o‘zlariga mos keluvchi ish o‘rinlari haqida ma’lumot to‘plandi. Fuqarolar uylariga qaytganidan so‘ng ularga mazkur bo‘sh ish o‘rinlari taklif etiladi.

Ularning mashaqqatli hayoti psixologik tamg‘a bo‘lmasligi uchun joylarda tayyorgarlik ko‘rilgan.

Qurolli to‘qnashuvlar hududidan qaytarilgan fuqarolarning O‘zbekistonda ijtimoiy hayotga bemalol moslashib ketishi uchun yaratilgan tizim, shart-sharoitlar xorijlik ekspertlar tomonidan ham yuqori baholandi. Ochig‘ini aytganda biz bu dasturlarni ishlab chiqishdan oldin biz beshta davlat tajribasini o‘rgandik. Ayrim qo‘shni davlatlar, xorijiy davlatlar tajribasini o‘rgandik. Xorijiy ekspertlar bilan maslahatlashib, bizga eng mos keluvchi tajribalari o‘zlashtirdik», — deydi Aziz Abduhakimov.

Bosh vazir o‘rinbosarining qayd etishicha, fuqarolarni qaytarish «Harbiy to‘qnashuvlar hududidan qaytarilgan fuqarolar huquqlarini himoya qilish va ularni jamiyatga integrasiya qilish haqida»gi xalqaro konvensiyaning barcha bandlariga rioya qilgan holda amalga oshirildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!