Suriya armiyasi jangarilar shimoli-g‘arbiy viloyatlarga hujum uyushtirganidan so‘ng kuchlarni vaqtincha qayta joylashtirishni e’lon qildi
Suriya armiyasi shanba kuni shimoli-g‘arbiy Aleppo va Idlib viloyatlarida radikal guruhlar bilan shiddatli to‘qnashuvlardan so‘ng o‘z kuchlarini vaqtincha qayta joylashtirishni e’lon qildi. Bu haqda Suriya Mudofaa vazirligi bayonotida aytiladi.
Bayonotda qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda "Hayyat Tahrir ash-Shom" guruhi jangarilari va unga aloqador muxolifat guruhlari keng ko‘lamli hujumni boshlagan. Minglab xorijlik jangchilar, og‘ir qurollar va ko‘p sonli uchuvchisiz samolyotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hujum 100 kilometrdan ortiqroqqa cho‘zilgan bir necha jabhada amalga oshirilmoqda.
Bayonotda aytilishicha, janglarda o‘nlab suriyalik askar halok bo‘lgan, ko‘plari yaralangan.
Mudofaa vazirligining bildirishicha, jangari guruhlar Alepponing katta hududlariga kirgan, biroq ular o‘z tayanch nuqtalarini o‘rnatolmagan.
Ko‘p sonli jangarilar va frontda ko‘plab hujumlarga duch kelgan Suriya armiyasi mudofaa chizig‘ini mustahkamlash, tinch aholi va qo‘shinlarni himoya qilish hamda qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rish uchun strategik qayta joylashtirishni amalga oshirganini aytdi.
"Bu vaqtinchalik chora", — deya ta’kidladi vazirlik. "Qurolli kuchlar jangarilarni qaytarish va shahar va uning atrofidagi hududlarda to‘liq nazoratni tiklash bo‘yicha operasiyalarni davom ettiradi", — deya qo‘shimcha qildi departament.