So‘nggi ogohlantirish: o‘qituvchidan obunaga pul yig‘mang!
O‘zbekiston Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatovning hududiy xalq ta’limi boshqarma boshliqlariga "Shaxsan nazorat uchun" deb yo‘llagan xati ommaga e’lon qilindi.
Shermatov ushbu xatni yo‘llashdan maqsadini - "hozirga qadar o‘qituvchilardan turli hisobotlar talab qilish davom etayotgani haqida xabarlar kelayotgani" bilan izohlagan.
Vazir xatda o‘qituvchilardan sinf jurnali, konspekt va yillik taqvim rejadan tashqari boshqa ortiqcha hujjat talab qilinishi va ular turli ishlarga jalb qilinishi taqiqlanishini yana bir bor eslatib o‘tgan.
Shuningdek, "...ta’lim maskanlarida o‘qituvchilarni turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar uchun hisobot, bayonnoma, (foto) albom tayyorlash, yoki sinf rahbarlarini o‘quvchilarning uylariga yuborish, ota-onalari bilan birga suhbat o‘tkazilganligi haqida fotosurat yoki hisobot talab etilishini, mahalliy hokimliklar tomonidan ta’lim muassasalari rahbarlari yoki o‘qituvchilarning har qanday majburiy mehnatga turli yig‘ilishga, tadbirlarda zalni to‘ldirish uchun "tomoshabin" sifatida jalb qilinishini ta’qiqlashini" ta’kidlab o‘tgan.
Xatda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlaridan tashqari mahalliy hokimlik yoki turli tashkilotlar tomonidan tashkil etilayotgan hasharlarga pedagoglarni jalb etish va xodimlarning bir kunlik ish haqini tashkilotlarga o‘tkazib berishni ham ta’qiqlagan.
"Mahalliy hokimliklar, hududiy boshqarmalar tomonidan har xil nashrdagi gazeta va jurnallarga majburiy obuna, komunnal to‘lovlar uchun oylik ish haqidan olib qolinishini yoki boshqa noqonuniy badallar yig‘ilishini qat’iyan taqiqlayman", - deb xatda bayon etgan vazir.
Ushbu masalalar bo‘yicha pedagoglar orasida tegishli tushuntirish ishlari olib borilishi, shikoyatlarni joylarga chiqqan holda o‘rganilishi aytilgan.
"Mazkur talablarni barcha maktab rahbarlariga yetkazishingizni hamda boshqarma boshliqlarini, tuman (shahar) xalq ta’limi mudirlari va maktab rahbarlarini o‘qituvchilardan ortiqcha qog‘ozbozlik, hisobotlar talab etishlariga chek qo‘yishlari haqida so‘nggi marta qat’iy ogohlantiraman.
Bundan tashqari, Shermatov XTB rahbarlaridan O‘zbekiston Bosh vazirining mahalliy hokimliklar tomonidan xalq ta’limi xodimlarini majburiy mehnat, majburiy obuna va ommaviy hasharlarga jalb etilmasligi haqidagi 2018 yil 10 dekabrdagi 14/1-2774-sonli ko‘rsatmasining ijrosini so‘zsiz ta’minlashlarini so‘ragan.