Sudlanuvchining jinoiy harakatlari noto‘g‘ri kvalifikasiya qilinganligi  sababli, sud hukmi o‘zgartirildi

Sudlanuvchining jinoiy harakatlari noto‘g‘ri kvalifikasiya qilinganligi  sababli, sud hukmi o‘zgartirildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining 2019 yil 26 iyuldagi hukmiga ko‘ra, N.R O‘zbekiston Respublikasi JK 135-moddasi 3-qismining “g” bandi bilan, JKning 57-moddasi qo‘llanilgan holda, 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga sudlangan.

Sudning hukmiga ko‘ra, R.N Buxoro shahar Piridastgir ko‘chasi, 7/4-uy, 32-xonada ro‘yxatda turuvchi va Tailand qirolligining Patayya shahrida yashagan holda uyushgan jinoiy guruh tuzib, guruh manfaatlarini ko‘zlab, opasi N.F bilan oldindan tuzilgan rejaga asosan, Buxoro shahrida bo‘lgan tanishi G.A orqali 2010 yil fevral oyida Kogon tumani, Shox-Malik ko‘chasi, 31-uyda yashovchi fuqaro Z.Hga chet elda yuqori maosh to‘lanadigan ish borligini aytib qiziqtirib, yo‘l xarajatlarini o‘z hisobidan to‘lab berishib, aldab, Z.Hni shahvoniy maqsadlarda foydalanish uchun Toshkent xalqaro aeroportidan Toshkent-Kualalumpur, Kualalumpur-Bankok yo‘nalishi orqali Tailand qirolligiga jo‘natishib, Bankok shahrida kutib olib, R.Nning Patayya shahridagi uyiga olib borib, birgalikda Z.Hni qo‘lidan fuqarolik pasportini olib qo‘yishib, undan yo‘l xarajatlariga qilingan xarajatlar uchun deb 10.000 AQSh dollari miqdorida pullarni foxishalik qilib ishlab berishini talab qilishib, erkin harakatlanishini cheklab qo‘yishib, uni o‘zlariga moddiy qaram ahvolga solib qo‘yishib, zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitishib, 2010 yil mart oyi o‘rtalarida qadar uni noqonuniy ravishda ushlab turishib, bu vaqt ichida uni fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlab, foxishalik qilishdan tushgan pullarni o‘zaro bo‘lib olib, noqonuniy daromad olib kelishgan.

Bundan tashqari, sudlanuvchi R.N uyushgan guruh tuzib, guruh manfaatlarini ko‘zlab, opasi N.F va jiyani U.Flar bilan oldindan tuzilgan rejaga asosan 2012 yil fevral oyida fuqaro I.R (T)ni chet elda yuqori maosh to‘lanadigan ish borligini, Tailand qirolligi, Patayya shahrida o‘ziga tegishli bo‘lgan kafega ishga joylashtirishlarini aytib qiziqtirib, yo‘l xarajatlarini o‘z hisobidan to‘lab berishlarini va’da qilishib, aldab,
2012 yil aprel oyida I.Rni shahvoniy maqsadlarga foydalanish uchun Toshkent xalqaro aeroporti orqali Tailand qirolligiga jo‘natishgan.

Shundan so‘ng, tuzilgan rejaga asosan U.F Bankok shahrida ushbu fuqarolarni kutib olib, R.Nning Patayya shahridagi uyiga olib borib, R.N bilan birgalikda uning qo‘lidan fuqarolik pasportini olib qo‘yib, yo‘l xarajatlari uchun I.Rdan 10.000 AQSh dollar miqdorida pullarni foxishalik qilish yo‘li bilan to‘lab berishni talab qilib, erkin harakatlanishlarini cheklab qo‘yib, uni o‘zlariga moddiy qaram ahvolga solib qo‘yib, zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, 2013 yil may oyiga qadar uni noqonuniy ravishda ushlab turib, bu vaqt ichida fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlab, foxishalik qilishdan tushgan pullarni o‘zaro bo‘lib olib, noqonuniy daromad olib kelishgan.

Sudlanuvchi R.N va uning himoyachisi advokat J.A tomonidan keltirilgan apellyasiya shikoyatida, R.Nning aybsizligi va jinoyat sodir etmagani haqida vajlar keltirilib, R.Nni oqlash haqida ajrim chiqarishni so‘ragan.

Birinchi bosqich sudi sudlanuvchi R.Nni jinoyat sodir etgani xususida to‘g‘ri xulosaga kelgan bo‘lsada, uning harakatini O‘zbekiston Respublikasi JK 135-moddasi 3-qismining “g” bandi bilan noto‘g‘ri kvalifikasiya qilgan.

O‘zbekiston Respublikasi JK 135-moddasi 3-qismining “g” bandida, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab, odam savdosi jinoyati sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi JK 29-moddasining 4-qismiga ko‘ra, ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikda jinoiy faoliyat olib borish uchun oldindan bir guruhga birlashishi uyushgan guruh deb topiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996 yil 20 dekabrdagi 37-sonli qarorining 5-bandida, uyushgan guruh deganda jinoyatlarni sodir etish maqsadida ikki yoki undan ko‘p shaxslarning barqaror birlashmasi tushunilishi kerakligi,

jumladan, jinoiy faoliyatning oldindan rejalashtirilganligi, jinoiy qasdni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan vositalarning tayyorlanishi, ishtirokchilarni tanlash, yollash va ular o‘rtasida vazifalarning taqsimlanishi, jinoyatni yashirish choralarini ta’minlash, guruhda o‘rnatilgan intizomga va tashkilotchining ko‘rsatmalariga bo‘ysunishlik jinoiy guruhning uyushganligidan dalolat berishligi, ayblash fikrida va sud hukmida aynan qanday asoslarga ko‘ra jinoiy guruh uyushgan deb topilganligi ko‘rsatilgan bo‘lishi haqida sudlarga rahbariy ko‘rsatma berilgan.

Biroq, birinchi bosqich sudi qanday asoslarga ko‘ra, R.N sodir etgan jinoyatda, jinoiy guruhni uyushgan deb kvalifikasiya qilish uchun asosiy mezon tariqasida, guruhning barqarorligini, unda tashkilotchining bo‘lishini, odatda, bir necha jinoyatni sodir etish maqsadida tuzilganligini, jinoyatni amalga oshirish rejasi va yo‘l-yo‘rig‘i ishlanganligini, har bir ishtirokchi o‘rtasida vazifalar taqsimlanganligini, texnika bilan ta’minlanganligini, jinoyatni yashirish choralari ko‘rilganligini, umumiy intizomga va jinoiy guruh tashkilotchisining ko‘rsatmalariga itoat qilinishini va shu kabilarni hisobga olinganligini ayblov hukmida asoslab bermagan.

Jinoyat ishida to‘plangan dalillarga qaraganda, sudlanuvchi R.N, opasi N.F va jiyani U.Flar bilan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, jabrlanuvchilarni davlat chegarasidan olib o‘tib, jabrlanuvchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni olib qo‘yib, qaram ahvolga solib, ularni chet elda qonunga xilof ravishda ushlab turib, zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib, zo‘rlik ishlatib, ikki nafar jabrlanuvchilardan shaxvoniy maqsadlarda foydalanib, odam savdosi jinoyatini sodir etgan.

Ammo, ish materiallarida sudlanuvchi R.ning uyushgan guruhda jinoiy faoliyat olib borishganligini tasdiqlovchi dalillar mavjud emas.

Qayd etilganlarga ko‘ra, apellyasiya instansiya sudi, Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudining 2019 yil 26 iyuldagi N.Rga oid hukmi o‘zgartirilib, N.Rning aybi O‘zbekiston Respublikasi JK 135-moddasi 3-qismining “g” bandidan, JK 135-moddasi 2-qismining “b”, “g”, “e”, “z”, “i” bandlariga qayta kvalifikasiya qilindi va N.R O‘zbekiston Respublikasi JK 135-moddasi 2-qismining “b”, “g”, “e”, “z”, “i” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2013 yil 12 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganligining yigirma bir yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qarorining 1-bandi “a” kichik bandiga asosan jazodan ozod qilindi.

 

     A.Shaydoyev,

ASH-3-04/184-19-sonli ajrimi

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Buxoro viloyat sudi raisining

o‘rinbosari


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!