Sudanda harbiy samolyot halokatga uchradi

Hodisa oqibatida tinch aholi va harbiylar halok bo‘ldi, deb yozadi Anadolu.
Sudan armiyasi, Umdurman viloyatidagi Vadi-Seydna harbiy bazasidan havoga ko‘tarilgan harbiy samolyotning qulashi oqibatida harbiy xizmatchilar va tinch aholi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
“Samolyotlarimizdan biri bugun kechqurun Vadi-Seydna harbiy bazasidan havoga ko‘tarilgandan so‘ng qulab tushdi”, – deyiladi armiya bayonotida.
Hodisada tinch aholi va askarlar ham halok bo‘lgani va yaralangani ma’lum qilingan.
Voqea joyida o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni o‘chirishgan, jarohatlanganlar shifoxonaga yetkazilgan.
Al Arabiya telekanalining xabar berishicha, Sudanning Omdurman shahrida (Xartum provinsiyasi) Sudan armiyasiga tegishli harbiy samolyotning qulashi oqibatida 19 kishi halok bo‘lgan.
Texnik nosozlik tufayli samolyot mahalliy aviabazadan havoga ko‘tarilganidan ko‘p o‘tmay qulab tushgan. Hodisa oqibatida bortda bo‘lgan ekipaj a’zolari va sudanlik askarlar, shuningdek, samolyot halokatga uchragan turar-joylardagi tinch aholi vakillari halok bo‘lgan. Qutqaruvchilar halokat joyidagi vayronalarni tozalashda davom etmoqda, deyiladi xabarda.