Star Med klinikasining lisenziyasi bekor qilindi

Star Med klinikasining lisenziyasi bekor qilindi

Bu haqda Ulug‘bek Shodibekov o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi

Instagram’dagi Mittivine yumoristik loyihasi asoschilaridan biri Ulug‘bek Shodibekov (mitti.me) o‘zining Instagram sahifasida Star Med klinikasining lisenziyasi bekor qilingani haqida sud qarori chiqqanini ma’lum qildi. Klinika Farhod Mannopovning o‘limiga sabab bo‘lgan edi

Xabarga ko‘ra, SSV Star Med klinikasining lisenziyasini bekor qilishni so‘rab sudga murojaat qilgan. Bugun, 2 iyun kuni ochiq sud majlisining yakuniy qarori e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi nomidan hal qiluv qarori xulosa qismi. Javobgarning ish yuritishni to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnomasini qanoatlantirish rad etilsin. Ariza qanoatlantirilsin. SSV tomonidan Omad plus MCHJga tibbiy faoliyatini amalga oshirish uchun 2021 yil 16 fevralda berilgan lisenziya bekor qilinsin. Mazkur hal qiluv qarori yuzasidan 10 kunlik muddatda apellyasiya tartibida shikoyat qilinishi mumkin.

Avvalroq, Star Med klinikasi faoliyatini o‘rganish maqsadida SSV tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar yakuniga yetgani va aniqlangan holatlar vazirlik mutaxassislari tomonidan hujjatlashtirilib, ish sudga oshirilgani e’lon qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, bloger Farhod Mannopov 2023 yil 5 martga o‘tar kechasi 27 yoshida Star Med klinikasida vafot etgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!