SSV: Vazirlikda qator delegasiya vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi

SSV: Vazirlikda qator delegasiya vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi

Sog‘liqni saqlash vazirligida BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi doimiy vakili Nigina Abeszade bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida yurtimizda jamg‘arma bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar samaradorligi haqida o‘zaro fikr almashildi.

Ta’kidlanishicha, UNFPA tomonidan Yaponiya va Fransiyaning mamlakatimizdagi elchixonalari moliyaviy ko‘magida va JSST bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida bachadon bo‘yni saratonini erta skrining yordamida aniqlash bo‘yicha birinchi sinov loyihasi yo‘lga qo‘yilgan.

Buning uchun 10 dona eng ilg‘or PZR apparatlari va testlar yetkazib berilib, 8 ta laboratoriya tashkil etildi. Shuningdek, mutaxassislar ushbu kasallikka test o‘tkazish, tashxis qo‘yish, bemorlarni nazorat qilish va davolash bo‘yicha o‘qitildi.

Mazkur loyiha doirasida bugungacha ikki hududda 30–55 yoshdagi jami 56 ming nafar ayol odam papilloma virusiga qarshi tekshiruvdan o‘tkazilib, kasallik aniqlangan bemorlar davo muolajalarini olish uchun yo‘naltirildi. Bachadon bo‘yni saratoni xavfi aniqlangan ayollarga esa mutaxassislar tomonidan kerakli tavsiyalar berildi.

Muloqot davomida shu kabi loyihalarning amaliy natijalari va kelgusidagi rejalar belgilab olindi.

Shuningdek, vazir vazifasini bajaruvchi A. Xudayarov “Dauteen Group” asoschisi Van Li xonim boshchiligidagi Xitoy Xalq Respublikasi delegasiyasini qabul qildi.

Aytish lozimki, mazkur investision guruh zamonaviy korporativ platforma bo‘lib, tibbiyot va tibbiy sanoatni bir-biriga integrasiya qilishga asoslangan yirik loyihalarni o‘z ichiga oladi. Xususan, tashxis qo‘yish, farmasevtika, kam invaziv xirurgiya, sog‘liqni saqlash sanoati sohalari shular jumlasidan.

Uchrashuvda yurtimizda molekulyar-diagnostik texnologiyalar va klinik kasalliklar markazlarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik qilish masalasi muhokama qilindi.

Bundan tashqari, A. Xudayarov Hindistonning “Andhra Pradesh Medtech Zone Limited” (AMTZ) korporasiyasi bosh ijrochi direktori J. Sharma boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi. Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, AMTZ dunyodagi eng yirik tibbiy texnologiyalarni ishlab chiqarish klasterlaridan biri bo‘lib, uning tarkibida 140 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritadi.

Muloqot davomida O‘zbekiston – Hindiston o‘rtasidagi tibbiyot sohasida ikki tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirish hamda yangi innovasion texnologiya va g‘oyalarni yurtimizda tatbiq etish masalasiga to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, mamlakatimizda tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va ko‘p tarmoqli shifoxona tashkil etish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!