SSV: Silga qarshi kurash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi JSSTda yana bir bor yuksak e’tirof etildi

SSV: Silga qarshi kurash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi JSSTda yana bir bor yuksak e’tirof etildi

Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov boshchiligidagi O‘zbekiston delegasiyasi Shveysariyaning Jeneva shahrida xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Vakillarimiz bu yerda 194 mamlakat delegatlari ishtirokida o‘tkazilayotgan Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 76-sessiyasida faol ishtirok etmoqda.

Xususan, sessiya doirasida tashkil etilgan sil kasalligiga barham berish bo‘yicha maxsus tadbirda yurtimizdan borgan sog‘liqni saqlash tizimi mas’ullari qatnashchilarning e’tibor markazida bo‘ldi. Bu bejiz emas, albatta.

Ma’lumki, shu yil sentyabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining tuberkulyozga qarshi kurash bo‘yicha yuqori darajadagi majlisi bo‘lib o‘tadi. Unga tayyorgarlik doirasida tashkil etilayotgan interaktiv eshituvlarni O‘zbekiston va Polsha hamraislikda muvofiqlashtirib boryapti.

SSV: Silga qarshi kurash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi JSSTda yana bir bor yuksak e’tirof etildi

Bunga vazir A. Inoyatov o‘z ma’ruzasida kengroq izoh berildi.

Qayd etganidek, bugun yurtimizda davlat rahbari tashabbusi bilan tuberkulyoz xizmatining isloh qilinishi natijasida qariyb 130 ming nafar inson hayoti saqlab qolindi, kasallikka chalinish ko‘rsatkichi 43 foizga, o‘lim holatlari esa 84 foizga kamaydi.

Hozir silni aniqlash bo‘yicha mamlakatda 5 bosqichli zamonaviy laboratoriya tizimi ishlab turibdi. Xastalik profilaktikasi, diagnostikasi va muolajasi uchun zarur barcha dori vositalari davlat tomonidan bepul ta’minlanmoqda.

Birgina 2023 yilgi Davlat dasturiga muvofiq, 2023-2026 yillarda dori va sarflov vositalari, tibbiy texnika, mutaxassislar tayyorlash va innovsion ilmiy izlanishlarga davlat byudjetidan 33 million, xalqaro donorlar hisobidan esa 26,5 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonning 13 ta ma’muriy hududida “O‘pka salomatligi” ko‘chma mobil brigadalari tashkil etilib, chekka va olis manzillarda yashovchi aholi bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Ftiziatriya va pulmonologiya xizmatlari integrasiya qilinishi natijasida o‘pka salomatligi uchun universal hamda yuqori texnologik tibbiy yordam berish tizimi yaratilmoqda.

Vazir o‘z chiqishida tadbirda bildirilgan barcha mulohazalar kelgusida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilinadigan Siyosiy deklarasiyaga kiritiladigan yakuniy takliflarni ishlab chiqishda inobatga olinishini ta’kidladi.

Yig‘ilishda O‘zbekistonning silga qarshi kurash bo‘yicha tajribasi yana bir bor JSST doirasida yuksak baholanib, boshqa mamlakatlarga namuna sifatida e’tirof etildi.

SSV: Silga qarshi kurash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi JSSTda yana bir bor yuksak e’tirof etildi

Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2035 yilgacha dunyoda tuberkulyozdan o‘lim ko‘rsatkichini 95 foizga kamaytirishga doir strategik maqsadni qabul qilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!